AGENTLIK DELEGATSIYASI XITOYDA

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbariyati va masʼul xodimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida boʻlib turibdi. 

Tashrif doirasida bir qator yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. 

Safar chog‘ida delegatsiya Pekin til va madaniyat universitetiga tashrif buyurib, oliygoh vakillariga O‘zbekiston ta’lim tizimi hamda Agentlik faoliyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi. Uchrashuv davomida Agentlik tizimidagi maktablarda xitoy tilini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish, mazkur tashabbus doirasida universitetdan malakali mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, o‘qituvchilar uchun stajirovka va almashinuv dasturlarini amalga oshirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Pekin til va madaniyat universiteti xitoy tilini o‘qitish bo‘yicha eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirgacha ushbu universitetda 500 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar tahsil olgan.

Delegatsiya, shuningdek, "Beijing National Day" maktabida boʻlib, taʼlim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy ta’lim dasturlari, hamda sun’iy intellekt fanini o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur maktab 1954-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Xitoyning eng ilg‘or maktablaridan biri hisoblanadi. Maktabning Pekin kampusida hozirda 5000 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, joriy yilda ushbu maktabda Xalqaro sun’iy intellekt olimpiadasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Agentlik delegatsiyasining Xitoyga safari davom etmoqda.