Murojaatnoma

MAKTABGACHA VA MAKTAB TA’LIMI VAZIRLIGI HUZURIDAGI IXTISOSLASHTIRILGAN TA’LIM MUASSASALARI AGENTLIGI DIREKTORINING
MUROJAATI

Hurmatli Agentlik tizimidagi rahbar va ishchi xodimlar!

Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish va ushbu jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi.

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali
va ta’sirchan yo‘li bu – faoliyatning har bir bosqichida ochiqlik, oshkoralik, va shaffoflikni ta’minlash hisoblanadi.

Jumladan, Agentlik markaziy apparati va tizim tashkilotlarida ham ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi:

birinchidan – Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini yanada takomillashtirishga oid 12 ta idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi;

ikkinchidan – korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun barcha turdagi aloqa kanallarining (“Ishonch telefoni”, elektron pochta manzillari, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa sahifalar) uzluksiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi;

uchinchidan – korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari” hamda “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” kabi mavzular bo‘yicha xodimlarning huquqiy bilimlari oshirildi;

to‘rtinchidan – xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga xodim mehnat shartnomasi bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda korrupsiyaviy xatti-harakatlarda qatnashmaslik, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik kabi qator majburiyatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi;

beshinchidan – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va rejasi tasdiqlanib, ijroga qaratildi;

oltinchidan – Agentlik markaziy apparati hamda tizim tashkilotlarining barcha xaridlari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq davlat xaridlarining maxsus elektron portali orqali amalga oshirilmoqda;

yettinchidan – Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Bunda, Agentlik funksiyalari sohasidagi tadbirlar hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishlar to‘g‘risidagi tafsilotlar, raqamlar, hisobot va ma’lumotlar muntazam ravishda rasmiy veb-sayt, internet tarmog‘idagi boshqa sahifalarda, jurnalist va blogerlar ishtirokidagi tadbirlarda, shuningdek, boshqa ommaviy axborot vositalarida yoritilib kelinmoqda;

sakkizinchidan – Agentlik markaziy apparati va tizim tashkilotlariga ishga qabul qilish jarayonlari ochiq, oshkora hamda shaffof tanlov asosida, internet tarmog‘ida onlayn rejimda namoyish etish orqali tashkil etildi;

to‘qqizinchidan – Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab-internat va ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar teng huquqlilik, ochiqlik, adolat va shaffoflik prinsiplari asosida qabul qilib kelinmoqda;

o‘ninchidan – korrupsiya, byurokratik omillarning oldini olish hamda jismoniy va yuridik shaxslarni Agentlikning faoliyat yo‘nalishlariga oid qonunchilik hujjatlari, shuningdek qonunchilik hujjatlaridagi o‘zgarishlardan doimiy xabardor bo‘lishlarini ta’minlash, har bir foydalanuvchiga hujjatlar bilan moneliksiz tanishishga imkon yaratish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlarning elektron shakli Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirib kelinmoqda.

Navbatdagi bosqichda, Agentlik markaziy apparati hamda tizim tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini yanada kuchaytirish, hujjatlar va belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ishonchim komilki, Agentlik jamoasi, barcha rahbar va ishchi xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan amaldagi qonunchilik hamda idoraviy va ichki me’yoriy hujjatlarga, shuningdek, kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlar majmui hamda hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha shaxsan namuna bo‘lishadi.

 

Alisher Ubbiyev

Ixtisoslashtirilgan ta’lim

muassasalari agentligi direktori