Agentlik tasarrufidagi maktab yoshlari bilan ochiq muloqot

2019 yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida “Yoshlarni ko‘proq eshitish kerak, chunki yoshlarda kuch katta, ilhom katta”, – deb ta’kidladilar. Bugungi yoshlarimizga bo‘lgan ishonchlarini bildirar ekanlar, Prezidentimiz “... darhaqiqat, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizni yoshlarning taklif va mulohazalarini hisobga olgan holda birlashtirsak, natijasi va samarasi katta bo‘ladi”, – deya alohida urg‘u berdilar.

Iqtidorli yoshlarimizning ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, jonlantirish borasidagi fikr-mulohazalarini bilish, ularni o‘ylantirayotgan o‘y-fikrlarni, mavjud muammolarini bilish maqsadida, joriy yilning 14 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining direktori Sarvar Babaxodjaev Agentlik tasarrufidagi maktablarning o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan suhbatlarda iqtidorli bolalarimizni bir xil savollar qiziqtirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, fanlar chuqurlashtirilib o‘qitilayotgan ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning iste’dodli o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish, yurtimiz nomini ilm-fan sohasida ham dunyoga tanitish va, albatta, Prezidentimiz, xalqimiz ishonchini oqlash va bunda Agentlikning ko‘magi alohida qiziqtirdi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatidan boshlangan uchrashuv erkin, o‘zaro muloqot shaklida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yoshlarning taklif, istaklari va muammolari tinglandi. Jumladan, 10-“A” sinf o‘quvchisi Durdonaxon Muxtorxo‘jaeva Mendeleev xalqaro olimpiadasida ishtirok etish yuzasidan, 10-“A” sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Axmadov Agentlik tasarrufidagi maktablar o‘quvchilari o‘rtasida maxsus olimpiadalar tashkil qilinishi, 9 “V” sinf o‘quvchisi Muqaddasxon G‘ofurova maktabni bitirishgach, Oliy o‘quv yurtlariga kirishda beriladigan imtiyozlar, shuningdek, tarix va huquq fani o‘qituvchisi G‘olibjon Mahammadjanov xalqaro o‘qituvchilar bilan tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflarga javob olishdi.

O‘z o‘rnida, agentlik direktori ham o‘quvchilarga savol bilan murojaat qilib, “Maktabni rivojlantirish uchun nimalar qilmoqchisiz? Qanday takliflaringiz bor? – degan  savollariga maktab o‘quvchilari hech ikkilanmay usta-shogird tizimi orqali o‘zlashtirishda qiynalayotgan do‘stlariga yordam berish samara berayotganini faxr bilan aytdilar.

Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining o‘quvchilarga murojaat qilar ekan, Agentlik direktori S.Babaxodjaev: “Bir tilni bilgan inson ma’lum bir miqdordagi cheklangan adabiyotlar bilan ishlay oladi, ammo ko‘p tillarni bilgan o‘quvchilarda ko‘p millat adabiyoti va ilmiy resursidan foydalana olish imkoni bo‘ladi. Shuning uchun biologiya va kimyo fanlaridan tashqari, chet tillarini ham mukammal o‘rganishga ko‘proq e’tibor berishingiz lozim”, deya ta’kidladi.

Albatta yosh avlodni tarbiya qilishdi ustozlarning o‘rni beqiyos. Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining fidokorona o‘qituvchilaridan biri biologiya fanlari doktori, professor Jamila Olimjonovna Talipova o‘quvchilarni amaliyotga jalb qilish maqsadida maktab ichida maktab, ya’ni kichik Akademiklar maktabini tashkil qilganliklari to‘g‘risida gapirib berdi. Kichik akademiklar maktabiga a’zolik huquqi 9-10 sinf o‘quvchilariga berilgani va hozirda u erda 330ga yaqin o‘quvchi o‘zining shaxsiy ilmiy-tadqiqot ishini olib borayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, J.Talipova Akademik maktabi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish uchun Oliy ta’lim tizimidan sohaga tegishli bo‘lgan o‘qituvchilarni soatbay darsga taklif qilish masalasi juda muhim ekani aytib o‘tildi. Uchrashuv yakunida turli sohalarda yutuqlarga erishgan, fan olimpiadalari va turli xalqaro sport musobaqalari sovrindorlariga Faxriy yorliqlar topshirildi. Tadbir Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab madhiyasi bilan yakunlandi.

SHundan so‘ng Agentlik direktori S.Babaxodjaev Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi. O‘quvchilarning kayfiyatida, ko‘zlarida ufurib turgan ijodkorlik muhiti S.Babaxodjaevni ham o‘z yoshlik davriga “qaytarib”, maktab hayotida ro‘y bergan qiziq va esda qoladigan voqealar bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlarni faqat o‘z bilim va irodasigina muvaffaqiyat kaliti ekanini va Vatanga bo‘lgan muhabbat unga sadoqat bilan xizmat qilishiga kuch berishini alohida ta’kidladi.

Ijod maktabi o‘quvchilarini qiziqtirgan savolllarga javob bergach, S.Babaxodjaev A.Qodiriy nomidagi muzey va “Turon” kutubxonasidan qay darajada foydalanayotganliklari haqida qiziqdi. O‘quvchilar deyarli har hafta u erga borayotganlarini va u erdagi muhit ularga ijod qilishlari uchun ilhom berishini zo‘r ishtiyoq bilan so‘zlab berdilar.

A.Qodiriy maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sabrinaxon Samandarova tarix fanini mukammalroq o‘rganishimiz uchun Vatanimizning qadimiy shaharlariga ko‘proq sayohat uyushtirilishi o‘z samarasini berishini taklif qildi. 5-sinf o‘quvchisi Zilolaxon Shomurodova Agentlik direktoriga A.Qodiriy maktabini kelajakda yanada takomillashtirish to‘g‘risida savol berdi.

O‘z o‘rnida, S.Babaxodjaev bugungi kunda ijod maktablarining o‘quv dasturlari, ularning samarasini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini, tez kunlarda yangi qaror loyihasi asosida ijod maktablari dasturiga notiqlik san’ati, xalq og‘zaki ijodi, matnshunoslik, publitsistika, tarjima qoidalari, dramaturgiya kabi fanlarning o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi kelajakda tajribali soha kadrlarini etishtirib chiqishida o‘z samarasini berishiga ishonch bildirishini aytdi.

Uchrashuvdan so‘ng, yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini oshirish maqsadida Milliy gvardiya vakillari bilan birga ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida Agentlik rahbari S.Babaxodjaevning yoshlar bilan uchrashuvi shu kunning intihosi bo‘ldi. Maktab o‘quvchilari bilan o‘tgan dildan suhbat doirasida maktab-internati o‘quvchilari yaratilgan shart-sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Quvonarlisi shuki, maktab o‘quvchilari Agentlik rahbari bilan ingliz tilida erkin muloqot olib bordilar. Bu, o‘z o‘rnida, yaratilgan sharoitlar o‘zining natijalarini berayotganining isboti bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan birga, o‘z takliflarini ham berishdi. Ochiq muloqotda S.Babaxodjaev o‘quvchilarning bilimli va qobiliyatli ekanlarini ta’kidlagan holda, bilimli va qobiliyatli o‘quvchilar bilan ishlash juda murakkab va dolzarb masala ekaniga to‘xtalib, aynan iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash maqsadida o‘z sohasining malakali o‘qituvchilarini yanada keng jalb qilinayotganini ta’kidlab o‘tdi. Ochiq muloqot savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar tomonidan bildirilgan barcha taklif va mulohazalar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilib, ularning ijrosi Agentlik direktori tomonidan nazoratga olindi.