Al-Xorazmiy maktabi EPAM kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

 

8-iyul kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktabda yana bir yangi tashabbusga qo‘l urildi.

Maktabning yangiliklarni, zamonaviy yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlovchi rahbariyati hamda o‘qituvchilari bu gal mashhur EPAM Systems kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

EPAM Systems — dasturiy ta’minot ishlab chiqish va IT-sohasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha dunyodagi eng yirik korxonalardan biri. Mazkur kompaniya bugungi kunga qadar 30 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. U MDH davlatlari, jumladan, Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘istonda ham o‘z vakolatxonalarini ochgan. Shuningdek, EPAM Systems Belarus yuqori texnologiyalari parkining rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari uchun EPAM kompaniyasi mutaxassislari tomonidan treninglar o‘tkazish hamda O‘zbekistondagi IT sohasi vakillari orasidan yuqori malakali, yetuk murabbiylar hamda mentorlarni hamkorlikda tayyorlashdir. Treningdan veb dasturlar borasidagi ma’ruzalar, amaliy topshiriqlar va ularni bajarish nazorati ham o‘rin oladi.

Umid qilamizki, ushbu maqsadli aloqalar yaqin kelajakda o‘z natijasini ko‘rsatadi.