Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi

ALISHER NAVOIY HAYOTI VA IJODI HAQIDA QISQACHA

✔️Nizomiddin Mir Alisher 1441-yilning 9-fevralida Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida,  temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi Gʻiyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan. 

✔️Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan. 

✔️Tarixchi Mirxond “Ravzat us-safo” asarida yozishicha, Amir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh bo‘lgan.

✔️Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" asarini yoddan bilganlar.

✔️7 yoshli Nizomiddin Mir Alisher buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan. 

✔️Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.

✔️Turkiy tilni qayta tiriltirgani Navoiyning ma’naviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», — deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi» deb ta’kidlagan.

✔️Alisher Navoiy o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.

✔️Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she’rlarini yod bilgan.

✔️Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan she’rlariga Navoiy, forsiy tildagi she’rlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi.Shoirning forsiy she’rlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan.

✔️Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.

✔️Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. 

✔️Navoiy turkiy tilidagi ilk “Xamsa" ni 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. 

✔️Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli to‘rt devon (1491—1498)ga jamlangan.

✔️Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda vafot etadi.