Eng ko’p so’raladigan savollarga javoblar

Ta’lim-tarbiya va kelajakka befarq bo’lmagan har bir ota-onani farzandining qayerda va qanday ta’lim olish borasidagi savollar qiziqtiradi. Xususan, Prezident maktablariga qabul borasida ko’plab murojaatlar bo’lmoqda. Ayni shu murojaatlar asosida tayyorlangan savol-javoblar orqali o’zingizga kerakli ma’lumotga ega bo’lishingiz mumkin.

Prezident maktablariga kirish uchun qaysi fanlardan tayyorgarlik ko’rish kerak?

 – O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi 526-son qarori bilan tasdiqlangan “Prezident maktablari to'g'risida Nizom”ning 5-bob 39-bandiga asosan Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda o'tkaziladi:
1-bosqich — matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test shaklida o'tkaziladi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi. Birinchi bosqich natijasiga ko'ra qabul kvotasida belgilangan har bir o'ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.
2-bosqich — axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo'yicha 16 ta masala, mantiq elementlari bo'lgan matematika fanidan 24 ta masala va ingliz tilidan 55 ta test topshirish lozim bo’ladi. 2-bosqich kirish imtihonlari uchun jami 150 daqiqa vaqt ajratiladi.