Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari bilan Ozarbayjon farzandi, shoir Javanshir Intigam Yashar oʻgʻli ishtirokida onlayn uchrashuv

21 – yanvar 2021 –yil kuni Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari bilan Ozarbayjon farzandi, shoir Javanshir Intigam Yashar ishtirokida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan uchrashuvda ijod maktabining 6-7-8 va 9 – sinf oʻquvchilari faol ishtirok etdi. Adabiy uchrashuvni Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi direktorining maʼnaviy – maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, shoir Muhammad (Tursunali) Nurmatov olib bordi. Ikki davlatning tili va dilini bir-biriga yana-da yaqinlashtirgan tarjimon, shoir, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori Rahmat Bobojonning ham ishtiroki adabiy muloqotga oʻzgacha bir shukuh berdi. Javanshir Intigam Yashar eʼtiboriga havola qilingan sheʼrlarimiz unda katta tassurot qoldirdi.

Ayniqsa, 6 – sinf oʻquvchilari Sarvinoz Mahmudova, Muslima Kamolidinova, Bibixojar Abdugʻaniyeva, 7 – sinf oʻquvchilari Saidxon Bahodirov, Kamolaxon Maʼrupova, Behruz Moʻminov, 8 – sinf oʻquvchilari Nigina Ergasheva, Nurullo Omonov, 9 – sinf oʻquvchilari Avazbek Ahmadjonov, Nilufar Ergasheva, Xojiakbar Ziynatshoyevlarning sheʼrlari kun qahramoniga manzur boʻldi. Ijodkorlarni bir-biri bilan yaqin doʻstlik munosabatini mustahkamlagan ushbu adabiy uchrashuv qizgʻin savol – javoblarga, mushoiralarga boy, koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazildi.

Javanshir Intigam Yashar o‘g‘li 1990 – yil 3 – oktyabrda  Gadabay viloyatida tug‘ilgan. 1997 – 2008 – yillarda  Gadabay viloyati Chobankend qishlog‘idagi o‘rta maktabda va 2008 – 2012 – yillarda  Ozarbayjon universitetining filologiya fakultetida bakalavr darajasiga ega bo‘ldi. Uning maqolalari muntazam ravishda "Ulduz", "Yazi" jurnallarida, "Adabiyot", "Oydin yo‘l", "525-ci gazet", "Kaspi" gazetalarida chop etiladi. 2012 – yilda shoirning "Birinchi uchrashuv" she'riy kitobi nashr etildi. Shuningdek, 2016 – yilda "... va siz jimsiz", 2018 – yilda esa "Men uyda emasman" she'riy kitoblari nashr etildi. U Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining "Eng yaxshi she'r" tanlovi g‘olibi. Intigam Yashar 2009 – yildan buyon Butunjahon yosh turk yozuvchilari uyushmasining a’zosi, 2013 – yildan buyon Assambleya a'zosi, 2016 – yildan buyon Majlis raisi o‘rinbosari. U Butunjahon yosh turk yozuvchilari uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab loyihalarning rahbari. 2018 – yilda u O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Samarqand she'riyat oqshomlari" xalqaro tadbirida Ozarbayjon nomidan qatnashgan va 2019 – yilda Butunjahon yosh turk yozuvchilari uyushmasining vakili sifatida O‘zbekiston yosh ijodkorlari ittifoqi bilan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolagan. Intigam Yashar, shuningdek, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a'zosi. Shuningdek, u 2019 – yil 24 – iyunda Butunjahon yosh turk yozuvchilari uyushmasi raisi etib saylandi. Shoirning she'rlari mahalliy turkchaga moslashtirilib, O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘istondagi  jurnal va antologiyalarda nashr etilgan hamda rus, ingliz va belorus tillariga tarjima qilingan.