Ijod maktabi direktori “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi oʻzbek tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Dilafruz Xamdamova Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni va Jizzax viloyat hokimining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni 2019-yil may oyida taʼsis etilgan. U maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan fuqarolarga topshiriladi.

Dilafruz Xamdamovaga Jizzax viloyatining maʼnaviy faoliyatidagi jonbozligi uchun koʻkrak nishoni va faxriy yorliq topshirildi.

Taʼkidlash lozimki, Dilafruz Xamdamova 2000-yil Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. U 2000-yildan boshlab taʼlim tizimining turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. 2019-yildan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi oʻzbek tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori lavozimida mehnat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi jamoasi Dilafruz Xamdamovani yuksak eʼtirof va munosib mukofot bilan samimiy tabriklaydi va kelgusi ishlariga zafarlar tilaydi!