“Kitobxonlik haftaligi” doirasida Agentlik tizimidagi maktablarda tadbirlar o'tkazildi

5-9-aprel kunlari “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Agentlik tizimidagi maktablarda turli tanlov va tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Ibrat nomidagi maktab internati o‘quvchilari 7-aprel kuni Namangan shahrida faoliyatini boshlagan "Yoshlar kutubxonasi"ga sayohat uyushtirdilar. O‘quvchilar yangi kutubxonada kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Abdulla Oripov ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona  markazida "Ziyo sochib o'tgan umr, topqusidir mangu huzur" mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlandi. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi N. Azizova shoir hayoti, ijodiy merosi haqida ma’ruza qildi. Ijod maktabi o‘quvchilari masofaviy tarzda ishtirok etdilar.

Shu bilan birga, 5-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazildi. Haftalikda Guliston sanʼat kollejining “Damli cholg‘u asboblari orkestri” jamoasi o‘z musiqali chiqishlari bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, Sirdaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i A.Esanov va Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari H.Ortiqboyevalar nutq so‘zladilar.