Kun.uz rasmiy saytida 11 ta top-universitetga qabul qilingan Toshkent shahridagi Prezident maktabi o'quvchisi haqida maqola chop etildi (Video)

17 yoshida 11 ta top-universitetga kirgan Maqsadbek: “Gigant IT-kompaniyaga asos солмоқчиман”

Maqsadbek Fayzullaev 17 yoshda, u Toshkentdagi prezident maktabida o‘qiydi. Top-300 talikka kiradigan 11ta xorijiy universitetga o‘qish qabul qilinib, umumiy hisobda 312 ming dollar grant yutgan.
Maqsadbek kiberfutbolning ilk o‘zbekcha variantini yaratish loyihasi muallifi hamdir. U "Kun.uz"ga xorijiy universitetlarga o‘qishga kirishi va grant yutishi, jamoasi bilan ishlab chiqqan “o‘zbekcha futbol” kompyuter o‘yini haqida gapirib berdi.

Maqsadbekka o‘qishi uchun grant berishga tayyorligini bildirgan oliygohlar: AQShning Arizona, Ayova, Buffalo va Sent Edvard universitetlari, Illonoys kolleji; Britaniyaning Manchester, Liverpul, Birminghem, Durham va Lids universitetlari; Ispaniyadagi Barselona xalqaro universiteti.


— Men qabul qilingan 11ta oliygoh dunyoning top-300 reytingiga kiradi va ularning beshtasi AQShda, yana shunchasi Buyuk Britaniya va bittasi Ispaniyada joylashgan. Har bitta universitetning o‘quvchiga qo‘yadigan talabi bor: birinchi navbatda ingliz tilini bilish darajasi, maktabdagi oxirgi 4 yillik baholari va yil yakunidagi baholari ham inobatga olinadi. Mana shu baholarning o‘rtachasi hisobga olinadi.

Undan tashqari, ijtimoiy hayotdagi faolligi, darsdan tashqari qilgan loyihalari ham muhim. Ba'zi universitetlarda qo‘shimcha testlari bor, shu testlarni ishlaganim uchun grant berishdi. Bu testlardan yuqori ball ola olmasangiz, kirolmaysiz, degani emas, shunchaki grant berilmasligi mumkin. Bu oliygohlarga informatika yo‘nalishida, asosan, kiberxavfsizlik, game development (komp'yuter o‘yinlarini yaratish) yo‘nalishlarida o‘qishga topshirdim.

Xorijiy universitetga topshirgan har bir o‘quvchi buni biladi: shunchaki kirolmay qolishdan qo‘rqib topshiriladigan va asosiy maqsad qilingan universitetlar bo‘ladi. Bu universitetlarga kira olaman, deb o‘ylaganman, asosiy maqsadim – top-30 talikka kiradigan The New York University va University of Washington. Bu universitetlarning afzallik jihati – ta'lim sifati, joylashuvi va sharoitlari yaxshiligidir. Ularga kirish juda ham qiyin, ularda ariza topshirganlarning qabul qilinish ehtimoli juda past. Umid qilaman, yaxshi javob keladi.

Universitetga hujjat topshirganda insho yoziladi: unda o‘quvchi asosan o‘z xarakterini ochib beradi, nima sababdan bu sohani tanlagani va universitet nima uchun uni qabul qilishi kerakligi haqida. Men ham shu mavzularda insho yozganman.

“Ko‘plab o‘yin va dasturlarda O‘zbekiston uchun funksiyalar yo‘q”

— Otam jurnalist, gazetalarda ishlaganlar. Uyimizda kompyuter bo‘lardi, maqolalarni terardim. Yoshligimdan kompyuterga muhabbatim oshgan, barcha narsani titib o‘rganganman. Birorta o‘quv markaziga bormaganman. Kompyuterga qiziqib, o‘yin o‘ynardim. 2020 yilda karantin davrida o‘qishdan bo‘shab, kompyuterga o‘yin o‘rnatib oldim. Qarasam, unda O‘zbekiston yo‘q. Shu narsa jahlimni chiqardi va maqsad qo‘ydim: ushbu o‘yinning qanday tuzilganini o‘rganaman, barcha dasturlar va o‘yinlarga O‘zbekistonni qo‘shaman, O‘zbekistonda gigant IT kompaniyaga asos solaman va barcha ko‘rib qo‘ysinki, O‘zbekistonda ham shunday dasturlar yaratsa bo‘ladi.

Konami kompaniyasi tomonidan chiqarilgan futbol simulyatori o‘yini bor. Mana shu o‘yinga o‘zbekcha variant chiqarishga harakat qildim va atrofimga o‘zimga o‘xshagan odamlarni yig‘ishni boshladim. Birinchi tanishganim Abdulla degan bola bilan o‘yinning o‘zbekcha variantini yaratishga kirishganmiz. Boshida bunga ishonmaganmiz. Har oy bittalab funksiyalarini to‘g‘rilab chiqdik. Unda barcha o‘zbek futbolchilari va O‘zbekistonga aloqador barcha narsa bor edi. Chiqargan o‘yinimizni ko‘rib, eronlik muxlislar ham taklif yuborishgan, Osiyo uchun alohida bitta o‘yin chiqarish yuzasidan. Universitetga hujjat topshirish va o‘qishim tufayli bu loyihaga vaqt ajrata olmadim.

Hozir o‘yinni ochiq manba sifatida internetga qo‘yganmiz, xohlagan odam yuklab olib o‘ynasa bo‘ladi. Shuningdek, o‘yinga Davron Fayziev va Xayrulla Hamidov ovoz berdi. Ularga aloqaga chiqqanimizda, iltimosimizni yerda qoldirishmadi, studiyada ovoz yozib berishdi, biz epizodlarga ovozni moslashtirib qo‘yib chiqdik.

“O‘zbekistonda gigant IT kompaniyasiga asos solmoqchiman”

— O‘zbekistonni IT sohasida o‘z o‘rniga ega qilaman, aynan o‘yin sohasida emas, axborot texnologiyalari sohasida. IT sohasini o‘rgatadigan o‘quv markazlari juda ham ko‘p, lekin unda o‘qishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Loyihalar ishlab chiqmoqchiman, unda har bitta soha bo‘yicha qo‘llanmalar bo‘ladi va ular orqali o‘quvchi noldan professional darajagacha o‘rganadi. O‘rganish mutlaqo tekin bo‘ladi va sharti – asos solgan kompaniyamizda ishlab berishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda gigant IT kompaniyasiga asos solmoqchiman.

Hozir sinfdoshim bilan “Presidential League” degan loyihaga asos solganmiz. Unda xalqaro universitetlarga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar kirish imtihonlari, talablar va universitetlar haqida ma'lumotlar olishadi. Bunda yuqori sinf o‘quvchilarining o‘zi mentorlik qilib, kichik avlodga o‘rgatadi, bu avlod o‘rganganda, ertaga biz bitirgandan keyin o‘zidan kichiklarga o‘rgatadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.