Mamlakatimizning beshta shahrida yangi Prezident maktablari binolarining qurilish ishlari jadal davom etmoqda

 

Avval xabar berganimizdek, mamlakatimizda va dunyodagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat hamda yosh avlodni sogʻligʻini himoya qilish maqsadida Prezident maktablariga oʻquvchilar qabuli kelgusi oʻquv yiliga qoldirilgan edi.

Shunga qaramasdan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufiga kiruvchi Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Fargʻona shaharlarida Prezident maktablarini qurish va jihozlash boʻyicha ishlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan toʻxtatilgani yoʻq. Samarqand shahrining Amir Temur koʻchasida, Qarshi shahrining Mustaqillik koʻchasining Alisher Navoiy nomli istirohat bogʻiga tutash soʻlim hududida, Jizzax shahrining qoq markazi Sayiljoy mahallasidagi Olimpiya zaxiralari sport kolleji yonida, Fargʻona shahar Qashqar koʻchasi va Buxoro shahrining Navoiy shox koʻchalarida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Yangi qurilayotgan Prezident maktablarining barchasi zamonaviy uslubda, milliy va jahon meʼmorchiligining eng soʻnggi yutuqlari asosida bunyod etilmoqda. Oʻquv muassasalari boshqa Prezident maktablari kabi 168 oʻringa moʻljallangan. Bu yerda yotoqxona, stadion, basseyn, yopiq va ochiq sport zallari, kutubxona, bolalar dam olish joylari, chet eldan keladigan oʻqituvchilar uchun alohida mehmonxona, avtoturargoh, ota-onalar uchun kutish joyi va faollar zali yaratiladi. Ayni paytda yurtimizda karantin qoidalari amal qilayotgan boʻsada quruvchilar belgilangan sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilgan holda maktabning qurilish ishlarini olib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Prezident maktablarini oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha ishlarni davom ettiradi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 20-fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarorni imzolagan edi. Hujjatga koʻra, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Prezident maktablarida oʻqish istagida boʻlgan yoshlarni imtihonlarga tayyorgarlik koʻrish uchun qoʻshimcha vaqtdan unumli foydalanishga va unga puxta tayyorgarlik koʻrishga chaqirib qolamiz.