#shunday_oʻquvchilarimiz_bor
#start_up
#ixtirochilikka_qadam
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Uchqoʻrgʻon tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 7-sinf oʻquvchilari Nafisa Dilmurodova, Nurillo Nurmurodov hamda Muhammadaziz Mamajonovlar tomonidan urugʻ yetishtirish texnologiyasiga asoslangan innovatsion qurilma yaratildi.
Muqobili boʻlmagan urugʻ yetishtirish qurilmasini ishlab chiqishga Uchqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabining robototexnika fani oʻqituvchisi Sojida Qobulova bosh-qosh boʻlgan.
Yashil energiya asosida ishlaydigan “Seed house” nomli ushbu qurilma 24 soat mobaynida ikki mingga yaqin har qanday sabzavot va oʻsimliklar urugʻlarini 99 foiz xatosiz unib chiqishini ta’minlaydi.
– Ushbu ixtiro gʻoyasi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan "Ixtirochilikka qadam" tanlovi asosida tugʻildi, – deydi robototexnika fani oʻqituvchisi Sojida Qobulova. – Oʻquvchilarimiz tanlovda ishtirok etish jarayonida “Seed house” qurilmasini bosqichma-bosqich takomillashtirib bordi. Maktabimizdagi robotexnika fani dars-mashgʻulotlari doirasida ham qurilmani sinovdan oʻtkazib bordik. Ixtisoslashtirilgan maktabimiz oʻquvchilari ana shunday bilimga chanqoq, ixtirochi, ular bilan faxrlanamiz!
Mazkur loyiha uchun patent olish ustida ish olib borilmoqda.
Agentlik tizimidagi maktablarda oʻquvchilarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashlari bilan birga ularning ixtirochilik, ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.