Ma’lumki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi Prezident maktablariga birinchi bosqich imtihonlari yaqinlashib qoldi. Biz mazkur jarayon bilan bog‘liq eng ko‘p berilayotgan savollar bilan Agentlik Qabul komissiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Xudoyqulovga murojaat qildik.
-Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi qachon bo‘ladi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda...
-Prezident maktablari kirish imtihonlarining saralash bosqichi joriy yilning 26-,27-,28-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlarining yakuniy bosqichidamiz.
-Ruxsatnoma qayerdan va qay tartibda olinadi? Bu ham eng ko‘p berilayotgan savollar sirasiga kiradi. Shu jarayonni ham bosqichma-bosqich tushuntirib bersangiz.
-Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Prezident maktablariga ariza topshirgan talabgorlarga birinchi bosqich saralash imtihonlariga ruxsatnomalarni yuklab olish haqida joriy yilning 20-iyul kuniga qadar sms-xabarnoma jo‘natiladi. Shu o‘rinda ota-onalar diqqatini bir masalaga qaratmoqchimiz – sms-xabarnoma talabgorning arizada keltirilgan raqamiga jo‘natiladi. Shuning uchun, ulardan arizada ko‘rsatilgan raqamlarining faol holda bo‘lishini so‘raymiz. Shundan so‘ng, talabgor ariza.piima.uz saytiga kirib, “Shaxsiy kabinet” bo‘limini ochishi va u yerga o‘z ID raqamlarini kiritish orqali ruxsatnomani yuklab olishi mumkin. O‘quvchidan maslahat-tanishtiruv va imtihon kuniga shu ruxsatnoma bilan kelish talab qilinadi.
-Tayyorgarlik jarayonlari qanday ketyapti? Shaffoflikni ta'minlash va sifatli o‘tkazish bo‘yicha Agentlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
-Saralash imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlarida Agentlik va Davlat Test markazi hamkorlikda ishlamoqda. Hozirda imtihonlar o‘tkaziladigan hududlar ro‘yxati tasdiqlangan va mazkur hududlar o‘quvchilar uchun kerakli jihozlar va o‘quv qurollari bilan ta’minlanmoqda. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan imtihon jarayonlariga xorijiy mutaxasislar, Cambridge Assessment tashkiloti vakillari hamda jurnalistlar taklif qilindi. Bundan tashqari, ota-onalar imtihon jarayonlarini test2021.uz sayti orqali onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
-Prezident maktablari kirish imtihonlarini tashkil etishda Respublikadagi epidemiologik vaziyat hisobga olinganmi?
-Albatta. Saralash imtihonlarini o’tkazishda Respublikadagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda imtihonlar ochiq hududlarda o’tkazilishi belgilandi. O’quvchi imtihon o’tkaziladigan joyga kirishdan oldin antiseptik vosita hamda tibbiy niqoblar bilan ta’minlanadi. Partalar bir-biridan belgilangan uzoqlikda joylashtiriladi.
-Prezident maktablari saralash imtihonlari javoblari qachon e'lon qilinadi?
-Saralash imtihonlari yakunlangandan so‘ng imtihon materillari, ya’ni savollar kitobi va javoblar varaqasi markazlashtirilgan tartibda Cambridge Assessment tashkilotiga jo’natiladi. Javoblar Cambridge Assessment tomonidan avgust oyining birinchi yarmida tashkilot rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
-Ma’lumotlar uchun rahmat. Sog‘ bo‘ling.
Agentlik Axborot xizmati