Nukus shahridagi Prezident maktabining xorijlik oʻqituvchilari Xezbon Opiti va Richard Keffer hamda robototexnika toʻgaragi yetakchisi Jaqsiliq Dauletnazarovlar mahalliy oʻqituvchilar bilan malaka almashish uchun Amudaryo tumanidagi 76-sonli umumtaʼlim maktabida boʻldilar.
Prezident maktablari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni oʻqitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Prezident maktablari respublikamizda taʼlim sifatini oshiruvchi oʻziga xos lokomotivga aylanishi lozim.
Prezident maktablarida oʻquv jarayoni “STEAM – taʼlim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) boʻyicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi.
Hozirgi kunda ilk Prezident maktablari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida faoliyat yuritmoqda. Mazkur maktablar tanlov asosida STEAM yoʻnalishi boʻyicha tajribali xorijlik oʻqituvchilar jalb qilingan.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Mazkur hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri mahalliy oʻqituvchilarning xorij tajribasi asosida malakasini oshirishdir. Hamkorlik doirasida Prezident maktablarining xorijlik oʻqituvchilari mahalliy hamkasblari bilan uchrashmoqdalar va STEAM fanlarini oʻqitish boʻyicha metodologiyasi va tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqdalar.
Nukus shahridagi Prezident maktabining fizika oʻqituvchisi Xezbon Opiti va matematika oʻqituvchisi Richard Keffer hamda robototexnika toʻgaragi yetakchisi Jaqsiliq Dauletnazarovlar Amudaryo tumanidagi 76-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilari bilan uchrashdilar.
Xorijlik mutaxassislar mahalliy oʻqituvchilar bilan fizika va matematika fanlarini zamonaviy oʻquv metodologiyasi va oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Hozirgi kunda oʻquvchilarga nafaqat sifatli bilim berish, balki oʻquvchilarning hayotiy kompetensiyalarini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Xezbon Opiti va Richard Keffer zamonaviy uslublar yordamida STEAM fanlarini oʻqitish boʻyicha mahorat darsini oʻtkazdilar. Bu jarayonga maktab oʻquvchilari ham jalb etildi.
Jaqsiliq Dauletnazarov esa oʻz robototexnika va Scratch dasturida dasturlash boʻyicha maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilari uchun mahorat darslarini tashkil etdi.