Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan qabul yuzasidan matbuot anjumani

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari, ijod va yangi ixtisoslashtirilgan maktablarga e’lon qilingan qabul yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etishdi hamda OAV vakillarining savollarga javob berishdi. 

Xabaringiz bor, 2022-yilning 14-aprel kuni “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida 193 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish belgilangan. Shundan, 2022-2023-o‘quv yilida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Ushbu maktablarda 2022-2023-o‘quv yilida aniq fanlar yo‘nalishiga qabul 5—11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida tegishincha 5- sinfga tanlov asosida amalga oshiriladi.

Tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7—11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida 7-sinflarga tanlov asosida amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. 

Agentlik tizimidagi maktablarga kirishda qanday imtiyozlar mavjud?
Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida g‘olib bo‘lgan (1-, 2-, 3-o‘rin) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududda joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonisiz o‘qishga qabul qilinadi. 
Ta’lim jarayonida Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro (International Advansed Levels) dasturlar talablariga muvofiq o‘quvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

Aytib o‘tish kerakki, yangi ixtisoslashtirilgan maktablarda aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda O‘zbekiston tarixi fani ham chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. Shuningdek, sun'iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etilishi ko‘zda tutildi. 

Respublikamiz hududlarida ochilayotgan yangi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun talablar va shart-sharoit bir xil tarzda yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilar faqat o‘zlari o‘qiyotgan umumta’lim muassasasi joylashgan hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)dagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga qabul qilinadi. 

Ushbu o‘quv yilida har bir Prezident maktabining 5-sinflariga 24 nafardan, Respublika bo‘yicha jami 336 nafar o‘quvchilar saralab olinadi. Prezident maktablariga hujjat topshiruvchi talabgorlar 2021-2022-o‘quv yilida matematika va tabiatshunoslik fanlaridan yillik «a'lo» baholarga o‘qigan bo‘lishi talab etiladi. Prezident maktablarida talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish joriy yilning 1—20 iyun' kunlari ariza.piima.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Bunda talabgordan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- talabgorning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;

- maktab direktori tomonidan tasdiqlangan 2021-2022-o‘quv yili baholar tabeli nusxasi;

- maktab direktori tomonidan tasdiqlangan namunaviy anketa shakli (Prezident maktablari uchun);

- talabgorning fotosurati.

Prezident maktablari kirish imtihonlarining I bosqichi joriy yilning 1-2 iyul' oyida Respublikaning barcha hududlarida “Cambridge Assessment Admissions Testing” (Buyuk Britaniya) tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan nazorat materiallari asosida tashkil etiladi. Talabgorlarga I bosqich imtihonlarida matematika fanidan 30 ta savol uchun 60 daqiqa vaqt ajratiladi. 

Bunda har bir hududdan birinchi bosqichda eng yuqori ball to‘plagan 480 nafar, Respublika bo‘yicha jami 6720 nafar talabgorlar II bosqich kirish imtihonlarida ishtirok etadi. Cambridge Assessment tashkiloti bilan birgalikda Prezident maktablariga kirish imtihonlarining II bosqichini 25-26-iyul kunlari o‘tkazish rejalashtirilgan. II bosqich saralash imtihonlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

-  axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash (tanqidiy fikrlash) bo‘yicha – 16 ta masala;

-  mantiq elementlari bo‘lgan matematika (muammoni yechish) fanidan – 24 ta masala;
-  ingliz tilidan 55 ta test savollari beriladi. Belgilangan vazifalarni bajarish uchun jami 110 daqiqa vaqt ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 maydagi №233 sonli “Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risida nizom”ning 11-28-bandida ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilishni aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili fani hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshirishi ko‘rsatilgan. Har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 24 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijod maktablari 9 ta hududda tashkil etilgan talabgorlarning xohishiga ko‘ra istalgan ijod maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Ijod maktablariga qabul joriy yilning 1-20 iyun kunlari onlayn shaklda amalga oshiriladi.

Elektron tizimga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

-      tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma (elektron shaklda);

-      talabgorning oxirgi 2 oy davomida tushgan 3x4 o‘lchamdagi rasmi (elektron shaklda);

-      3 x 4 hajmdagi 1 dona fotosurat;

-      baholar tabeli (o‘quvchi o‘qiyotgan maktab direktorining imzo va muhri bilan tasdiqlangan holda).

 

-      Talabgor yoki uning ota-onasini yoki boshqa qonuniy vakillarining pasport ma'lumotlari, aloqa uchun telefon raqami, elektron pochta manzili hamda tizim orqali oferta bilan tanishganlik to‘g‘risidagi tasdig‘i.

-      Saralash imtihonlarining birinchi bosqichi (ijodiy matn yaratish)  uchun har bir o‘quvchiga 60 daqiqa, ikkinchi bosqichi (suhbat) uchun 3 daqiqa vaqt beriladi.

-      Ikkinchi bosqichda (suhbat) tanlangan savolning yoki o‘quvchi ijod mahsulining qamrovidan kelib chiqib, qo‘shimcha 2 daqiqa vaqt berilishi mumkin.

-      Uchinchi bosqich (test) uchun 85 daqiqa vaqt beriladi. Test sinovlari o‘tkaziladigan fanlardan berilgan har bir savolni yechish uchun 2 daqiqa, intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo‘yicha savolga 1 daqiqa vaqt ajratiladi.

Barcha maktablarga hujjatlar http://ariza.piima.uz/ manzili orqali topshiriladi.