Qadrdon bog‘imga maktub

 

Kechir... bu safar sening quchog‘ingga borish nasib etmadi. Bahor fasli meni og‘ushingga qanchalar chorlamasin, zamon zayli va taqdir oldida ojizligimni his etib, Yaratganning izmiga yana bir bora iqror bo‘lib o‘tiribman.

O‘tgan yili xuddi shu paytlarda bag‘ringda qandoq yayragan edik-a?! Bilasanmi, biz o‘sha kunni qanchalar orziqib kutganimizni?! Bodom gullari yuz ochgan kundan shaftoli va gilos novdalaridagi kurtaklar uyg‘onishini intiqib kuzatardik. Butun mavjudod uyg‘onib, zumrad fasl  jamolini  borliqqa ko‘z-ko‘z qilayotgan farahbaxsh kunlarda yuragimning bir chetini go‘yoki “mushuk bola tirnayotgandek” his etardim. Mening nazarimda har gal xuddi  seni sog‘inganimiz kabi, sen ham bizlarni sog‘inib, quchoq ochib kutib olarding. Ruhiyatimiz bardam, qadamlarimiz shahdam, yayov yurib, qo‘shiq xirgoyi qilib borardik.

Uzoqdan senga  nigohimiz tushishi bilan quvnab ketardik. Xuddi yangi kelinchak kabi oppoq harir ro‘molda peshvoz chiqqandek bo‘larding bizga. Maftunkor nim pushti shaftoli, oppoq gilos gullarining ifori ko‘ngillarni dunyo tashvishlaridan halos etgandek tuyulardi. Gullar, gullar, gullar...

Qanchalar go‘zal onlar!..

Bundan bir necha yil avval mahallamizdagi Anvarjon qishloqning bir chetida so‘lim bog‘ barpo etdi. Nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zib gullay boshlaganidan bu dargoh qadrdon maskanimizga aylandi.

Har yili yosh ijodkor shogirdlarim bilan o‘qigan kitoblarimiz yuzasidan mulohazalar, yangi ijod namunalarining tahlili, qizg‘in mushoiralar bahonasida boqqa tashrif buyurardik. Go‘zallikdan ko‘zlarimiz quvnab,bir zum novdalardagi gullarga mahliyo boqardik. Mushoira qizigandan-qizir, she'rxonlik aytishuvlarga ulanardi. Bahor havosi, kutilmagan shamolning zarbidan novdalar titrab, gul yaproqlarini ona zamin ko‘ksiga kuzatardi. Oppoq, nim pushti rangdagi gullar navqiron ijodkorlarga omad tilagandek boshidan oyog‘iga qadar poyandoz kabi to‘shalardi.

Sening og‘ushingda jannat bog‘larida turgandek bo‘lardik.

Daraxtlarning yoqimli qo‘shig‘i-yu,quyosh nurlarining beqiyos tovlanishi, qushlarning chug‘uri bizni o‘ziga oshufta etmay qolmasdi. 

Sen oddiy  bog‘ emas, balki qalbimizning nozik torlarini chertib, tafakkurimiz daftari zarvaraqlarini ochuvchi ilhom manbai eding. Betakror maftunkorliging yosh qalam ahlini ilhom dengizida mavjlanib oqishga undardi.

Sen she'riyatning doyasisan, bog‘! Yangi tug‘ilgan ijod namunalarimizning ilk tinglovchisisan!

Yuragimizga xuzur, tanimizga rohatlar hadya etayotgan saxovatli bog‘ Yaratganning bandalari uchun buyuk inomi ekanligiga shukronalarimiz dillarimizdan tillarimizga sirg‘alardi. 

Uyda qolib, qadrdon bog‘imizning qiyg‘os gullar bilan burkanganini hovlimizdagi shaftoli va gilosning gul ochganidan bildim. Bu manzarani ko‘rib qaysi ijodkor ilhomlanib, sevinmaydi deysiz?

Tabiatda daraxtning ildizidan yemiruvchi kushandalar bo‘lgani kabi, afsuslar bo‘lsinki,jamiyatni, insoniyat ildizini yemiruvchi xatarlar mavjud. “COVID-19” hozirgi kunda dunyo axlining tinchligiga, inson salomatligiga bolta urayapti. Dunyo axlini xavotirga solgan koronavirus bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmadi...

Har yilgi an'anamiz bu yil ham ro‘yobga chiqishini Yozyovonning qalbi uyg‘oq, ko‘zlari chaqnagan ijodkorlari intiqlik bilan kutganini dildan his etdim. Manzillar olisdek tuyulib, ilojsizlik xalaqit ham qilar, ammo bu orzularning ro‘yoga aylanishiga sabab bo‘la olmaydi. Til-u dil birligi mujassam, qalbi uyg‘oq har bir qalamkash tasavvuridan ham tafakkur topa oladi, tomchida dengizning jilosini, zarrada tog‘ning viqorini ko‘ra oladi.

Seni sog‘indik, ko‘ngillarga surur baxsh etuvchiqadrdon bog‘im! Ko‘zim ko‘ngilga, ko‘ngil esa senga aylangan. Asli o‘zingsan nabototning nodir namunasi, hayratlarimning sababchisi!

Dunyo virus bilan olishayotgan bir pallada, shogirdlarim bilan uyda qolib unga qarshi kurashmoqdamiz, deya baralla ayta olaman. Ular Navoiydan meros qolgan qalam bilan asrlar davomida sinovlarda toblangan xalqimizning sabr-bardoshi, matonati, yuksak tafakkuri,bugungi kun qahramonlari –shifokorlarning o‘z jonini xatarga qo‘yib, ko‘rsatayotgan jasorati haqida ash'orlar bitmoqdalar.

O‘ylayman va ishonamanki, bugun qiyg‘os gulga kirgan bog‘ning ertaga mevalari sarxil bo‘lib yetiladi. Bolga to‘la giloslarning shodalari opa-singil kabi sirdosh tutinganda, shaftolining yoqimli islarini bodi sabolarborliqqa ulashgan pallada yana safimiz ortib, sening bag‘ringni qaynoq mehrimiz ila bitilgan so‘zning ilohiy qudrati ila to‘ldiramiz. 

Qudratli, olijanob xalq dono rahnamosi bilan bu sinovni mardonavor yengib o‘tishga qodir. 

 Aziz shogirdim, atrofga diqqat bilan razm soling! Nimalardan ta'sirlandingiz, yozib qo‘ying. Bugun olamda ochilmagan sirlarni, adabiyotning yana bir yangi  eshiklarini uyda qolib ham ochishingiz, sirli dunyolarni kashf etishingiz mumkin. Eshikni ochish uchun avval tutqichidan ushlagan kabi, siz kitobning muqovasidan tuting. Zero, faylasuf Opit aytganidek: “Kitob eng olis va zimiston yo‘llarda insonga nur bag‘ishlab turuvchi sexrli chiroqdir”. 

Muhtaram dildosh, fursat o‘tgan sari bugunimiz tarixga aylanadi. Kelajak uchun yorqin xotiralarni qoralang, o‘qib izlanishdan tolmang. UYDA QOLING!

O‘ktamxon Solieva,
Xalq ta'limi a'lochisi.