Shaffof imtihon-iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish uchun asosiy qadam

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarining yuqori darajada bilim-salohiyatga ega bo‘lishlari yo‘lida olib borilayotgan say-harakatlar, avvalo, mazkur maktablarga kirish imtihonlarining talab darajasida va, albatta, shaffof o‘tishini ta’minlashdan boshlanadi. Yangi o‘quv yilida ham bilimli, iqtidorli talabgorlarning ushbu maktablar o‘quvchisi bo‘lishi ayni shu jarayonning debochasi bo‘ladi.
Imtihon tartibi
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 3 ta  ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab hududida joriy yilning 7-12-avgust kunlari tashkil etildi. 
Mazkur imtihonlar belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi uchun Agentlik tomonidan barcha zaruriy sharoitlar tashkil etildi. Test jarayonini bevosita xorijiy ekspertlar kuzatib borishdi, jarayonlarni yoritish, shaffoflikni ta’minlash maqsadida jurnalistlar ham taklif etildi.
Shuningdek, ota-onalar tomonidan tanlangan ixtiyoriy 2 nafardan vakillar jalb etilib, ular imtihon boshlanishi bilan hududga kiritildi, jarayonlarni kuzatib borishdi va imtihon tugagandan  so‘nggina hududni tark etishdi. Bu jarayonda vakil ota-onaning o‘z farzandi imtihon topshirayotgan guruhda emas, boshqa guruhlardagi nazoratda ishtirok etishi qat’iy belgilandi.
Zamonaviy tizim - imtihonlar kompyuterda
Ixtisoslashtirilgan maktablar imtihonlari maxsus kompyuter dasturidan foydalangan holda tizimli amalga oshirildi. Ushbu dastur Prezident ta’lim muassasalari agentligi mutaxassislari tomonidan xorijiy ekspertlar yordamida ishlab chiqilgan. 
Imtihonlarni kompyuterda amalga oshirilishi jarayonning shaffof o‘tishini ta’minlovchi jihatlardani biridir. Talabgor tetsni tugatib bo‘lishi bilan  necha ball to‘plaganini bilib oladi. Har bir o‘quvchiga smena doirasida turli savollar taqdim etildi, ya’ni bir smenada tushgan savol boshqa smenalarda tushishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bundan tashqari kompyuter dasturida maxsus GenExis platformasi orqali bir savolni bir necha yuzlab variantlarini generatsiya qilish imkoniyati mavjud.
Kompyuter dasturining yana bir qulayliklaridan biri bu o‘quvchining imtihon topshirish jarayonini kompyuter ekranida qayd etib borilishidir. Bunda o‘quvchi imtihon natijasidan qoniqmagan taqdirda, appelyatsiya komissiyasi tomonidan o‘quvchining testlarni bajargan videosini tahlil qilish imkoni bor.
Albatta, kompyuterda imtihon topshirish jarayonini osonroq tizimda tashkil etishga harakat qilindi hamda  o‘quvchilarga qulaylik yaratish uchun imtihonda qanday qilib kompyuterdan foydalanish bo‘yicha video-yo‘riqnoma tayyorlanib, ushbu yo‘riqnoma Agentlik rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarda e’lon qilindi. 
Fanlar, raqamlar va natija
Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga 1510 nafar hujjatlar topshirilgan, ushbu maktabga 7-8 sinflarga qabul amalga oshirildi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika, matematika, astronomiya va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabiga 2281 nafar ariza topshirilgan bo‘lib, mazkur maktabga ham 7-8  sinflarga hujjatlar qabul qilindi. 4289 nafar talabgor esa Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabiga hujjat topshirgan va bu maktabga 5- hamda10- sinflarga o‘quvchilar qabul qilindi 
Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablari uchun eng yuqori ball 94 ball etib belgilangan. Muhammad al Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabi imtihonlarida esa 104 eng yuqori ball hisoblanadi. 
Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari matematika, informatika, biologiya, kimyo, astronomiya va ingliz tili fanlaridan bo‘lib o‘tdi. Fanlar sinflar va yo‘nalishlar kesimiga ko‘ra taqsimlandi.
                                                                                                                                                                                                                                                               Agentlik axborot xizmati