Muhammad Yusufni o‘ylaganda odam she'r yozgisi keladi. Muhammad Yusuf qiyofasini faqat she'riy tarzda yaratish mumkinday. Uning satri charxlangan qilich kabi yarqirardi. Satrlar shunday joylashganki qilichlar jaranggi eshitilib ketadi. Uning tuyg‘ulari, iztiroblari, dardu alami, mehru – muhabbati chehrasida ko‘rinib turar edi-ki, to uning yuksak salohiyati darajasiga chiqib xayqirmas, faryod chekmas, muhabbatning eng oliy ishvalarini zargarona mahorat bilan boshqarmas ekansiz, so‘z san'ati sehri, izmingizda bo‘ysundirilgan asovday bosh egib turmas ekan, g‘oyibdan ilohiy sheriklar kelib, sizga yo‘l – yo‘riq ko‘rsatib, kuch – quvvat berib turmas ekan, baribir bu qiyofani qog‘ozga tushirib bo‘lmaydi. Bu qiyofani qog‘ozga aniq tushirgan zahotingiz, qog‘oz yonib ketadiganday tuyulmasa, demak bu hali Muhammad Yusuf qiyofasi emas.
Muhammad Yusufning o‘zi hech kimga o‘xshamasligini bilardi: “Bolaligimda ichim to‘la qushga o‘xshardi. Nimadir potirlab, uchmoqqa shaylanardi. O‘ylab ko‘rsam ular she'r ekan. Keyinchalik ular yuragimdan otilib chiqa boshladi. Shoir istaysizmi − istamaysizmi boshqacha odam. Lekin atrofdagilarga bildirmasligi kerak. Bildirish kibrga kiradi” – derdi.
Umuman olganda Muhammad Yusuf zamonaviy shoirlar obro‘sini oshirdi. Shoir nomini, shoirlik maqomini ko‘tardi. Shoirman deb yurganlarning ko‘pchiligini odamlar Muhammad Yusufning hurmati yuzasidan ham “Shoir ekan, qani quloq tutaylik-chi!”- deganlarini ko‘rganman. Lekin odamlar Muhammad Yusufni zavq – shavq, yoniq mehr – muhabbat, chuqur ehtirom bilan kutib olganchalik hech bir shoirni olqishlab kutib olmasdi. “Shoirlik kasb ham, hunar ham emas, da'vo! Shoirlar Xudoga erkalik qilishadi. Men eng sevimli, eng yaxshi va eng iqtidorli bandangman deya erkalanib da'vo qilishadi. Xudo ham ularni yaxshi ko‘radi, siylaydi. She'r yozayotganda farishtalar asta yordam bervoradi. Ba'zida shoir she'rni qanday yozganini bilmay qoladi. Agar farishtalar yordam berib yubormagan bo‘lsa, she'rni shoirning o‘zi yozgan bo‘lsa, shoir o‘zi yozgan she'rni o‘zi o‘qib yig‘larmidi?” – der edi Muhammad Yusuf.
Bora – bora shoirlar ham, yozuvchilar ham, olimlar ham o‘z aqliy salohiyati, tafakkurining kuchi, yuragining quvvati qay darajada ekanligi va nimalar yozaolishi mumkinligini taxminan bilib qoladi. Muhammad Yusufda shu chegara yo‘qday ko‘rinardi. Ba'zi she'rlarini yozganda qanday ilhom, qanday iste'dod, qanaqa yurak harorati, qalbidagi muhabbat olovi necha ming darajaga chiqqanligini anglashga aqlim bovar qilmaydi. Bu o‘lchovlar biz bilgan chegaralardan chiqib ketganga o‘xshardi. Buning uchun Muhammad Yusuf fenomenini o‘rganish kerak bo‘ladi. Muhammad Yusuf she'riyatdagi shunday bir yuksak cho‘qqini zabt etdi-ki, uning izdoshlari, yosh shoirlar, endilikda bu cho‘qqini egallamay turib, hech qachon yuksakka ko‘tarilaolmaydilar. M.Yusuf esa aksincha bugungi kunning yosh shoirlari ijodini ko‘rib hayratlanardi: - “Hozir nazarimda SNG davlatlari orasida bizning yoshlar she'riyati – eng zo‘r she'riyat. Bizning yoshlar birinchilikda turibdi. Ular xilma – xil, ko‘p va bir – biridan zo‘r. Hatto bir – birlarini ham tan olishmaydi. Men ularday she'r yozolmayman. Men ularga havas qilaman. Ulardan o‘rganaman. O‘ylaymanki, mana shu ukalarim, XXI asrda o‘zbek adabiyotini jahonga olib chiqadi.”
Muhammad Yusuf minglab muxlislari, izdoshlari, shogirdlari bo‘lishiga qaramasdan, ustozman deganini yoki o‘zini ustozday tutganini ko‘rmaganman yo eshitmaganman. U o‘zini yosh shoir deb bilardi va shogirdday tutardi. “Baxtimiz shundaki, bizda tirik klassiklar bor. Shulardan biri Abdulla Oripov. Agar Abdulla aka meni shogirdim desa, bundan faxrlanaman. Bu katta ma'suliyat. Abdulla akaga shogird bo‘lish uchun, hozirgidan o‘n baravar kuchliroq shoir bo‘lishim kerak, shunda Abdulla akaga shogird bo‘laolaman. Qarang, Alisher Navoiy 1441-yilda tug‘ilgan, oradan roppa – rosa besh yuz yil o‘tib, 1941-yil Abdulla Oripov tug‘ilgan. Bitta elga besh yuz yilda bir buyuk shoir kelishi rost ekan-da”, – derdi.
Muhammad aka shuningdek Usmon Nosirni yaxshi ko‘rardi. Uning qabrini izlab Sibirga, Kemerova viloyatiga borgandi. U bilan ko‘rishgan qariyalar bilan suhbatlashgan, shoirning ramziy qabriga yodgorlik toshi o‘rnattirgandi.
U Usmon Nosirning “Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bog‘im” degan satrlarini o‘qiganda, tishlari g‘ijirlab ketar, yuragidagi o‘kirik, bo‘g‘ziga qadalar, ko‘zida yosh g‘iltillardi.
“Siz barg emassiz Usmon bobo, sizning o‘zingiz bog‘siz. Sizni bilmaganlar bargdek uzilib ketadi, sizni bilmaganlar, bargdek unutilib ketadi,” derdi. Mana shunday qat'iyatida u gohida adabiyot o‘lkasining talabchan va odil nazoratchisiga, qo‘lida yolg‘on gapiruvchilarga nisbatan ishlatiladigan “Urtoqmoq” kaltagi borga o‘xshardi: “Hozirgi yoshlar Usmon Nosirni, Abdulla Qodiriyni, Cho‘lponlarni bilmay turib adabiyotga kirishga haqlari yo‘q. Adabiyotni ularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ularsiz adabiyotda yashab bo‘lmaydi. Ularni bilmagan odam, qo‘liga qalam olishi − jinoyat.
Usmon Nosir qamoqxona devorlariga ko‘mir bilan, o‘zbekni buyuk millat ekani haqida she'r yozgan. Har kuni yozgan. Devorlarda biror bo‘sh joy qolmagan. Olov purkab turgan devning ko‘ziga nayza sanchmoqchi bo‘lgan. Endi, biz yurtimiz quchog‘ida, odamlar ko‘z qarog‘ida, yuraklari ardog‘ida shahzoda bo‘lib yursa-gu, bir parcha qog‘ozga to‘rt qator she'r yozolmasak, bu millatimizga dushmanligimiz emasmi?” – derdi Muhammad Yusuf.
Muhammad Yusuf O‘zbekistonni Usmon Nosirning yuragida jo‘sh urgan muhabbat bilan sevardi. Muhammad aka bilan Zomin tog‘larida, Sirdaryo bo‘ylarida, Toshkentning sershovqin va serfayz go‘shalarida ko‘p bora birga bo‘lganmiz. Mana yillar o‘tib Muhammad Yusufni axtaraman. Samolarga bo‘y cho‘zgan sarbaland tog‘lar poyida, go‘zalligi va salobatidan hangu – mang turar ekanman, gohida, “Ey tog‘lar, Muhammad Yusuf qani? Axir u sizlarni sevar edi, siz ham uni sevar edingiz, o‘z quchog‘ingizga yashirib qo‘ydingizmi, uning ruhi mana shu buyuk haybatingiz bilan birlashib ketdimi, shuning uchun buyuk va savlatdor ko‘rinayapsizlarmi? – deya so‘rayman. − “Ha, ha, ha! Muhammad Yusuf biz bilan birga!” – degan ovoz keladi tog‘lardan. Muhammad Yusufni sog‘insang, tog‘larga kelaver, u bizning cho‘qqilarimizda, bizning qoyalarimizda abadul – abad yashaydi!”
Daryo bo‘ylariga borganimda sermavj va zilol suvlar jo‘shqinligi yuragimni hapriqtirib yuboradi. Bu saodatmand diyorning daryolari nega bu qadar o‘ynoqi, g‘amzali! Kishining bahri – dilini ochib yuboruvchi sehru – joduga, tarovatga limmo – lim? Daryodan so‘rayman: - Ey, azim daryo, seni Muhammad Yusuf qanchalar sevar edi, seni jonidan suyib qanchalar erkalar edi, mehriboning qani, jonajoning qani, ardoqlagan do‘sting qani? – Daryodan ovoz keladi: - Muhammad Yusuf kengliklar sari quchoq ochib chopayotgan bag‘rimda! Shovullagan mavjlarimda she'rlarini eshitmayapsanmi, hayqirgan po‘rtanalarimda, sokin salobatimda hayotbaxsh navolarini tinglamayapsanmi, yuragingdagi g‘uborni tarqatib yuborganimda, Muhammad Yusuf she'rlarini yodingda takrorlanmayaptimi?”
Kenja o‘g‘limdan so‘rayman: - Aqiqa to‘yingga Muhammad bobong kelgan, uyimizning to‘rini to‘ldirib o‘tirgan, o‘zi o‘g‘illi bo‘lganday quvongan, hammamizni quchoqlab qutlagan, aziz mehmonimiz bo‘lgan! Muhammad bobongni endi qanday topamiz? – O‘g‘lim, - Men bobomning uch yuzta she'rini yod bilaman, istaganingizni so‘rang, aytib beray, bobom yuragimda, dilimda, tilimda! Men qatnagan davralar, bobomning she'rlarisiz o‘tmaydi! – deydi u.
Muhammad Yusuf O‘zbekistonga bo‘lgan mehru muhabbatini tumorday bo‘yniga bog‘lab yurar edi. Muhammad Yusuf O‘zbekistonning butun qir – adirlariga, tog‘u – toshlariga, bog‘lari-yu, daryolariga, odamlariga, keksa-yu yoshlariga, barcha millatdoshlari muhabbatini, tumorga joylab, bu tumorda huddi joni saqlanayotganday, yeru – ko‘kka ishonmasdi. “Men chet ellarga bormayman. Borsam ham bir – ikki kunda qaytib kelaman, turolmayman. Yurtimni sog‘inib qolaman. Usiz bir – ikki kun qolsam vahima bosadi”, deyar – edi.
Boshida, chet elni yoqtirmasligini mahalliychilikka yo‘ygan edim, O‘zbekiston dunyoga yuz burayotgan paytda, nega bu so‘zlarni aytayapti degan xayolga borardim. Axir shoir umuminsoniy, umummilliy bo‘lishi kerak-ku, deyar edim. Keyin bilsam, shoir qachonki, xalqining, millatining haqiqiy shoiri bo‘lsa umummilliy, umuminsoniy bo‘laolar ekan.
Sergey Yesenin faqat rus xalqini yozgan va faqat Rossiyani olqishlagan. Bugun uni o‘zbeklar xam sevib o‘qimoqda, e'zozlamoqda. Pol Elyuar, Uolt Uitmen, Yevg. Yevtushenko o‘zbek xalqi haqida yozmagan. Ular o‘z xalqi, o‘z millati haqida yozgan. Shunday bo‘lsada, she'rlarini sevib o‘qiymiz. Demak, umuminsoniylik, umummilliylikning ildizi har kim o‘z yurtini, o‘z elini, o‘z Vatanini sevishida ekan. Yillar o‘tib Muhammad Yusuf she'rlari butun dunyo xalqlari tillariga tarjima qilinib, sevilib o‘qilsa ajab emas.
Muhammad Yusuf Vatanini shunchaki emas, tanasidagi bor hujayralar bilan sevardi: -“ Vatanini sevish uchun odamni haqqi bo‘lishi kerak. Qachon halol, ma'rifatli, bilimli, fidoyi bo‘lsa haqqi bo‘ladi. Odam Vatanini sevishga arzishi kerak. Johil, poraxo‘r, razil, yolg‘onchi odam Vatanini sevishiga ishonmayman, – derdi. Odam gulni sevadi, qizni sevadi, boylikni, shon – shuxratni sevadi, lekin bu hammasi millatga muhabbat oldida, misqolchadir. Odam avvalo Vatanini, millatini sevishi kerak. Keyin boshqa narsalarni sevishga haqqi bor. Shifokorlar Giprokrat qasamini ichganday, shu yurtning har bir farzandi, shu Vatan oldida, shu millat oldida, har kun seni sevaman, sening fidoyingman deya qasam ichishi kerak, – derdi. Axir insondan faqat farzand, faqat zurriyod qolmasligi kerak, balki, shu Vatan oldida qilingan buyuk xizmatlar, yaxshi nomu – asrlar davomida millat koriga yarovchi qadriyatlar ham qolishi kerak. Baxtimizga ko‘z tegmasin. Bugun biz buyuk o‘zgarishlar arafasidamiz. Avvallari qorin tashvishi bilan kun o‘tgan bo‘lsa, endi qilayotgan ishlarimizdan ko‘nglimiz to‘lmoqda. Avvallari “Men sening o‘g‘lingman, emasman mehmon” deb, mustamlakachilar ostonasiga yukinib borgan bo‘lsak, endi o‘z Vatanimiz, o‘z millatimiz poyiga bosh urmoqdamiz. Bundan ortiq baxt bormi? Vatan ham ona! Vatanini sevmagan odamga ichgan ona suti harom bo‘lsin!
O‘z Vatanini sevgan kishilar istarasi issiq, yuzi yorug‘, ko‘rkam va xushqomat bo‘lishadi. Insonni yuzini hasad qoraytiradi. Qilgan gunohlari yuzida, ko‘zida balqib, farishtasiz qilib qo‘yadi. Qalbi toza, eliga, yurtiga mehri baland inson hech qachon xunuk bo‘lmaydi. Yuragi go‘zal insonning yuzi ham, ko‘zi ham, o‘zi ham go‘zal bo‘ladi. Daraxt ildizidan kuch olib turganday, odam ham yuragidan kuch olib turadi.” – der edi Muhammad Yusuf.
Muhammad Yusufning har bir kitobi Vatanimizning buyukligi haqida − shahodatnomadir. Xuddi biz A. Navoiyning istagan bir asarini olib, Yer yuzining istagan davlatiga borib, “Mana dunyodagi eng buyuk she'riyat! Ushbu kitob bunga shahodat beradi, deyaolganmizday, Mustaqil davlatimizning ham zabardast she'riyati bor. Bunga Muhammad Yusuf she'riyati shahodat beroladi, deyishimiz mumkin.
Afsuski, Muhammad Yusuf oramizda yo‘q. U hayoti davomida umr haqida, muhabbat haqida, inson haqida o‘z fikrlarini aytdi va o‘z aytganlariga amal qildi. U o‘lim haqida ham o‘z fikriga ega edi.
Bir kun hayotdan erta ko‘z yumgan sirdaryolik shoira Dilfuza haqida gapiraturib:
− Qorin tashvishida yurib, yuz yil yashaganlar qancha. Ularga achinaman. Ular insonning kim ekanligini, yashashdan maqsad nima ekanligini bir umr bilmay o‘tib ketadilar. Haqiqiy iste'dodlar bor. Ular o‘limi yaqinlashayotganini sezadilar va iste'dodlarini yorqinroq namoyish etishga shoshiladilar. Juda ko‘p yashashning xosiyati yo‘q. Umring cho‘zilgani, qartayganing sari qirchang‘i otday, battollashib, ishga, ijodga yaroqsizlashib, dangasalashib, ta'magirliging ortib, izzattalab bo‘lib, boraverasan. Odamlarning senga e'tibor berishini, mukofotlar olishni istayverasan. Boylikka ham hirs qo‘yasan. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Odam Vatani, millati uchun o‘zida bor iste'dodni, mehru – muhabbatni, tafakkurni, qo‘lidan keladigan hamma yaxshiliklarni tezroq – tezroq qilishi, so‘ng Yaratganga omonatni topshirishi kerak” – degandi Muhammad Yusuf.
Muhammad Yusuf yaxshi she'rlar yozdi, elning mehrini qozondi, she'riyat tojini kiydi. Qilgan mehnatlariga yarasha rohat – farog‘at ko‘radigan, millionlab muxlislari izzat – ikromidan mast yuradigan payt kelganda, oramizdan ketdi.
Toki Yer yuzida o‘zbek xalqi, o‘zbek millati yashar ekan, toki Yer yuzida biror she'riyat ixlosmandi yashar ekan, siz barhayotsiz! Siz, siz sevgan tog‘lar singari, siz sevgan azim daryolar singari, navqiron she'riyat singari abadul – abadsiz, Muhammad aka!
Muhammad ISMOIL