Sidqidildan, vijdonan ishlash vatanimiz, xalqimiz, farzandlarimiz oldidagi burchimizdir

 

“Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”. Ha, taniqli yozvchi, maʼrifatparvar inson Abdulla Avloniyning mazkur soʻzlarida chuqurmaʼno, asl haqiqat mujassam. Buni barchamiz yaxshi anglaymiz, albatta. Yana bir haqiqat borki, uni ham hech birimiz inkor eta olmaymiz. Yaʼni, tarbiyani taʼlimsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiya huddi bir tananing ikki qanoti kabi hayotiy muhim haqiqat sanaladi. Shu bois yurtimizda mazkur yoʻnalishdagi islohotlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.

Xususan, davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablari va ularning ishini muvofiqlashtiruvchi tuzilma ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faolitini yana-da takomillashtirish bilan bogʻliq qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar esa ishimizni toʻgʻri hamda professional darajada tashkil etishga omil boʻladi. Shu yil 18-aprel kuni qabul qilingan Hukumat qarori ham ana shunday tarixiy muhim voqelardan biri boʻlgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga koʻra, uchta eng asosiy va muhim yoʻnalish qamrab olingan boʻlib, bu orqali ijod maktablaridagi shart-sharoit yaxshilanadi, ular zamonaviy jihozlar, dasturlar, oʻquv-qoʻllanmalar bilan taʼminlanadi. Agentlik nizomi va uning tizimidagi maktablar faoliyatini takomillashtirish bilan bogʻliq konsepsiya esa ishdagi samaradorlik, qonuniylik, tizimlilikni taʼminlaydi.

Jumladan, qaror bilan 2020-2025-yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyaning asosiy mazmuniga eʼtibor qaratsak, yoshlar taʼlim-tarbiyasidagi keng koʻlamli ishlar, katta maqsadlarni mujassam etganini koʻramiz. Unga koʻra, yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalashda ona tili va adabiyotning ustuvorligiga urgʻu berish nazarda tutilgan. Shuningdek, zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalarida jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan shaxslarni shakllantirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Aytish kerakki, bundan buyon taʼlim-tarbiyada eʼtiborsizlikk, sustkashlik va loqaydlik aslo kechirilmaydi. Agar 10-15 yildan keyin ham hozirgi ahvolda qolishni istamasak, taʼlimda raqobatbardosh, chinakam yetuk mutaxassislarni tarbiyalay olsak, asosiysi, ularni oʻz yurtimizda olib qololsak, bugundan harakat qilishimiz, bemalolgarchilikni unutishimiz zarur. Zero, ishlash uchun, ishlaganda ham yaxshi emas, zoʻr ishlash uchun sharoit ham, ikmoniyat ham yetarli. Undan foydalanmaslik noinsoflik boʻladi, nazarimda.

Shu oʻrinda yana bir jihatga eʼtiboringizni qaratsam. Konsepsiyaga muvofiq darslar butunlay erkin, qiziqarli va yangicha uslublar bilan oʻtilshi koʻzda tutilgan. Bolaning iqtidorini roʻyobga chiqarish, ularning badiiy-ijodiy, ilmiy-mantiqiy, maʼnaviy-estetik didini rivojlantirishga qaratilgan maktabdan tashqari taʼlim shakllari amalga oshiriladi. Xususan, milliy va jahon musiqa asboblarini oʻrganish, rassomlik va boshqa sanʼat turlarini oʻzlashtirish uchun sharoit yaratiladi. Tabiiyki, mazkur jarayonda pedagog kadrlar malakasini oshirish talab etiladi. Shu maqsadda oʻqituvchilar salohiyatini muntazam oshirib borish, ilgʻor xorijiy tajribalar va innovatsion pedagogik texnologiyalarni taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy qilish masalasi ham ustuvorlik kasb etadi.

Bundan tashqari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom ham tasdiqlandi. Bu orqali Agentlik maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, rahbarlarning funksional majburiyatlari va javobgarligi belgilandi. Nizomga koʻra, Agentlik tizimidagi maktablarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun masʼul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Zimmamizda juda ham masʼuliyatli vazifa turibdi. Bunda har birimiz bilimimizga tayangan holda ishni toʻgʻri tashkil etish, masʼuliyatimizni chuqur anglab, faoliyat yuritishimiz lozim. Yaʼni, mamlakatimiz boʻylab yosh isteʼdodlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, darsliklar va metodik qoʻllanmalarni tayyorlash va nashr etishdagi muammolarni bartaraf qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish talab etiladi. Shu bilan birga, Agentlik tizimidagi maktablar faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus mexanizmini yaratish boʻyicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish ustvor sanaladi. Ushbu tizimni samarali amalga oshirish sohasida kechiktirib boʻlmas masalalar mavjdud.

Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan qaror kelgusi ishlarimizda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. Oʻylaymizki, har bir masʼul shaxs oʻz ishini sidqidildan, vijdonan amalga oshirishi natijasida ijod maktablarida taʼlim olgan yoshlar mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-ijodiy, ilmiy-intellektual hayotida yetakchi kuchga, xalqimizning ijodiy-ruhiy quvvatini toʻla namoyon qilgan holda yurtimizning faxru iftixoriga aylanadi. Bu esa vatanimiz, xalqimiz va farzandlarimiz oldidagi burchimizdir.

Sarvar Babaxodjayev,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari.