Bu universitetga kirish bugungi kunda koʻplab iqtidorli yoshlarning chinakam orzusiga aylangan. Nega deganda, Universitet talabalariga eng nufuzli mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va hatto chet elda ham amaliyot oʻtash imkoni beriladi.
Oʻzbekiston prezidetining "Yangi Oʻzbekiston" universitetini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori joriy yil iyun oyi oxirida imzolangan edi. Bugungi kunda universitet binosini qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Hujjatlarni 15 avgustga qadar topshirish mumkin, imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar oʻqishni oktyabr oyida boshlaydilar.
Yangi Oʻzbekiston universiteti qanday taʼlim muassasasi oʻzi, u qanday kadrlarni tayyorlaydi? Oliygohga kirish shartlari qanaqa? Stipendiya masalasi nima boʻladi? Sputnik Oʻzbekiston muxbiri shu va shu kabi boshqa savollarga kuni kecha prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan universitetiga qabul jarayonlari yuzasidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida javob oldi.
Prezident maktablari agentligi rahbari Hilola Umarovaning aytishicha, Yangi Oʻzbekiston universitetini tashkil qilish mamlakat uchun kerakli kadrlar, yaʼni kelajak mutaxassislarini 10 yil oldin tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Mamlakatdagi yaqin vaqtlargacha yirik zavodlarga chetdan mutaxassislar olib kelish masalasida qiyinchiliklar boʻlgan, ammo endilikda noyob yoʻnalishdagi mutaxassislar Yangi Oʻzbekistonning Yangi Oʻzbekiston deb nomlangan universitetida tayyorlanadi.
Yangi Oʻzbekiston universitetiga qabul jarayoni hozir ham oʻz ishini davom ettirmoqda.
"Xohlovchilar 15 avgustga qadar onlayn tarzda oʻz hujjat topshirishlari mumkin. ujjatlar qabul qilib boʻlingach, imtihon kuni sanasi eʼlon qilinadi. Imtihonlarini sentyabr oyi boshida oʻtkazishni rejalashtirganmiz, oʻqish esa oktyabr oyida boshlanadi", - deydi Yangi Oʻzbekiston universitetini tashkil etish departamenti boshligʻi Samariddin Shamsiyev.
"Yangi Oʻzbekiston" universitetiga 2021/2022 oʻquv yili uchun 3ta yoʻnalishda oʻqishga taklif eʼlon qilingan:
- Mexanika muhandisligi - imtihonlar matematika va fizika fanidan topshiriladi (100 oʻrin)
- Kimyo muhandisligi - imtihonlar matematika va kimyo fanidan topshiriladi (100 oʻrin)
- Dasturiy taʼminot muhandisligi - imtihonlar matematika va fizika fanidan topshiriladi (100 oʻrin)
Kirish imtihonlari savollari universitetning asosiy hamkorlaridan biri boʻlgan - Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya) tomonidan 9, 10, 11-sinf materiallari asosida tayyorlangan va imtihon ingliz tilida boʻlishi belgilangan.
Kirish imtihonlari savollari namunalari bilan Yangi Oʻzbekiston universitetining telegramm kanalida yoki universitet rasmiy saytida tanishish mumkin boʻladi.
Birinchi yil 300ta kvota boʻyicha talabalar qabul qilinsa, ularning bir qismini prezident maktablari bitiruvchilari va iqtidorli olimpiada gʻoliblari tashkil etadi.
Rejaga koʻra, iqtidorli va akademik muvaffaqiyatga erishgan talabalar uchun turli grantlar taqdim etiladi. Stipendiya toʻlash koʻzda tutilmagan va bu xalqaro standartlarga mos keladi, deydi universitet tashkilotchilari.
Oʻqish 4 yil davom etadi. Taʼlim davlat tili va ingliz tillarida olib boriladi.
“Yangi Oʻzbekiston” universiteti dunyodagi yetakchi oliy taʼlim dargohlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, "Dunyoning eng yaxshi 100 universiteti" reytingida 1 oʻrinda turadigan Massachuset texnologiya instituti hamda xalqaro sifat standartlariga muvofiq kompleks va ilmiy-texnik markazlarini yaratishda Myunxen Texnika universiteti bilan hamkorlik qiladi.
"Ushbu hamkorlarimiz oʻz navbatida bizga rekrutmentda - yaʼni, eng yaxshi professorlarni tanlab olish, ularni Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha koʻmak berishmoqda. Bugungi kunda hamkorlarimiz orqali 50 dan ziyod mahalliy va xalqaro nomzodlar ushbu universitetda ishlash uchun istak bildirib, hujjat topshirishgan. Hujjatlar koʻrib chiqilib, suhbat asosida eng yaxshilari tanlab olinmoqdaa", - deydi Shamsiyev.
Universitet binosi Oʻzbekistonda hali boʻlmagan innovatsion usulda quriladi va oʻzida ulkan laboratoriyani aks ettiradi, bugungi kunda obʼyektni qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, Myunxen Texnika universiteti tomonidan Yangi Oʻzbekiston universitetida oʻziga xos eko-tizim yaratilishi - yaʼni sanoatni universitetga olib kelish koʻzda tutilgan.
"Universitet binosi qancha vaqtda quriladi degan savolga aniq javob bera olmaymiz. Buni uchun deylik, 2-3 yil vaqt talab etilishi mumkin. Shoshilinch qurib boʻlmaydi, nega deganda, aqlli qurilishdan boshlab barcha talablarini bajarishimiz kerak. Baʼzi bir uskunalar borki, toʻrt-besh yilda eskiradi, bu jarayon barcha davlatlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Massachuset texnologiya instituti va Myunxen Texnika universitetini olib qaraydigan boʻlsak, bu oliy oʻquv dargohlarining binolarida yuzlab nufuzli kompaniya va korporatsiyalarning ofislari joylashgan. Yaʼni nufuzli innovatsion kompaniyalar universitet bilan juda yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Biz ham universitetimizda mana shu tajribani yoʻlga qoʻymoqchimiz. Oʻzbekistondagi va dunyoning nufuzli sanoat korxonalari vakillari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Germaniyadagi juda koʻplab korxonalar oʻz qiziqishlarini bildirishdi", - deydi Samariddin Shamsiyev.
Prezident maktablari agentligi rahbari Hilola Umarovaning aytishicha, universitetda taʼlim jarayoni xalqaro hamkorlar - Massachuset texnologiya instituti va Myunxen Texnika universiteti oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Shu bois, bugungi kunda koʻplab iqtidorli yoshlarning chinakam orzusiga aylangan. Nega deganda, Universitet talabalariga eng nufuzli mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va hatto chet elda ham amaliyot oʻtash imkoni beriladi.
Aytgancha, birinchi oʻquv yilini talabalar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kampusida oʻtkazishadi. Ammo vaqtinchalik oʻquv binosi boshlangʻich laboratoriyadan tortib, kutubxona va barcha zarur shart-sharoitlarga ega boʻladi. Xususan, birinchi yil oʻquv jarayonida ishlatiladigan barcha texnik-resurslar Myunxen Texnika universiteti tomonidan taqdim etilgan.
* pasport nusxasi (doimiy propiska sahifasi bilan);
* umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat;
* ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (eng kamida IELTS 6.0 / TOEFL iBT 60 / Duo Lingo 95);
Oxirgi uch oy ichida olingan fotosuratning elektron varianti.
Universitetiga kirish uchun arizalar joriy yilning 15 avgusti soat 18:00 ga qadar newuzbekistanuniversity.uz sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.
Yuqorida taʼkidlagandek, hozirda qabul jarayoni davom etmoqda. Oʻzbekistonning oʻzida universitetga boʻlgan qiziqish juda kattaligi aytilmoqda. Xorijiy davlat fuqarolaridan ushbu universitetda oʻqish boʻyicha hozircha hujjat kelib tushmagan va bu holat butun dunyoda avj olgan epidemiologik vaziyat bilan izohlanmoqda. Ammo Janubiy Koreya va Germaniya davlatlaridan uchta korxona tomonidan talabalarni Oʻzbekistonga shu universitetga oʻqishga joʻnatish boʻyicha qiziqish bildirilgan.
Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda "TUM International GmbH" tashkiloti oʻrtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Myunxen Texnika Universitetida 24 yil davomida rektorlik qilgan Volfgang Herrmann "Yangi Oʻzbekiston" universitetining “Faxriy rektori” boʻlishi koʻzda tutilgan.
sputniknews-uz.com