XALQARO AKKREDITATSIYA: TALABLAR, BOSQICHLAR VA JARAYON

XALQARO AKKREDITATSIYA: TALABLAR, BOSQICHLAR VA JARAYON

Xabaringiz bor, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari faoliyati xalqaro hamkor tashkilot – Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Mazkur tashkilot o‘quv jarayonlarida hamkorlik qilish bilan bir qatorda, maktab faoliyati, o‘quv jarayonlarining sifatli tashkil etilganligi baholab boradi hamda  shu asosda maktablar Cambridge Assessment tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tish maktablarning ushbu tashkilot tomonidan tan olinishini bildiradi.

O‘tgan davr ichida 4 ta Prezident maktabi – Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan o‘tdi. Hozirda esa 2021-2022-o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabi akkreditatsiyadan o‘tish jarayonida.

Ma’lumki, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish oson jarayon hisoblanmaydi. Buning uchun ta’lim muassasasi qator talablarga javob berishi kerak. Jumladan, bunda:

-  ta’lim muassasasida Cambridge Assessment dasturlarining muvaffaqiyatli tadbiq etilganligi,

-  SCIENCE va tabiiy fanlar – matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari uchun to‘liq laboratoriya xonalari bilan ta’minlanganligi,

-  Cambridge Assessment imtihonlarining shaffof va sifatli tashkil etish uchun maktabda yetarli shart-sharoitlarning (imtihon savollari saqlanadigan secure room’larning mavjudligi, jarayonlar kamera kuzatuvida amalga oshirilganligiga) yaratilganligiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Akkreditatsiya jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda, Cambridge Assessment International Education vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan maktablar faoliyati onlayn tahlil qilinadi, kerakli ma’lumotlar tashkilotga taqdim etiladi. Mazkur bosqich muvaffaqiyatli o‘tgach, ishchi guruh maktabda bo‘lib, ta’lim muassasasining talab etilgan mezonlarga qay darajada mos kelishini o‘rganadi.

Hozirda yangi ochilgan 10 ta Prezident maktabida akkreditatsiyadan o‘tish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.