Xivadagi Prezident maktabining oʻquvchisi Ksavye Universitetida tahsil olish uchun grant yutib oldi

Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Qodirbek Otayev AQSHning Ogayo shtati Sinsinatti shahrida joylashgan Ksavye Universitetida tahsil olish uchun grant sohibiga aylandi.

Grantining jami miqdori 88 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Ksavye Universiteti 1831-yilda tashkil etilgan hamda Sinsinnati (Ogayo shtati, AQSh)da joylashgan bo‘lib, AQShning yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga kiradi. Times Higher Education reytingida 330-o‘rinda turadi.

- Men ushbu grantni yutib olganimdan juda xursandman. Bu men uchun kutilmagan xushxabar boʻldi. Buning barchasi mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlarning natijasi deb bilaman. Meni shu kungacha qoʻllab-quvvatlab kelayotgan barchaga oʻzimning minnatdorligimni bildiraman. Yaqin kunlarda sinfdosh doʻstlarim ham ana shunday javob xatlari olishlariga ishonaman, deb ta’kidladi Qodirbek Otayev.

- Yangi Oʻzbekistonimiz uchun zarur kadrlar tayyorlab berish maktabimizning asosiy vazifasi sanaladi. Ushbu vazifadan kelib chiqib uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida maktabimiz jamoasi oʻquvchilarimizga taʼlim-tarbiya berib kelmoqdalar. Qodirbek Otayev singari barcha oʻquvchilarimiz kelajakda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritishlariga ishonamiz, — deydi maktab direktori Rufat Aminov.