#Farmon_ijrosi_amalda
#Akademik_bilan_muloqot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi "Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilingan edi. (https://t.me/piimauz/15142)
Mazkur farmonda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi alohida belgilab oʻtilgan.
Farmon ijrosi doirasida Guliston shahar 2-son ixtisoslashtirilgan maktabida O‘zFA Yadro fizikasi instituti direktori, akademik Ilhom Sodiqov ishtirokida onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Muloqotda akademik o‘quvchilarga yadro fizikasi, yadro energetikasi kabi sohalarining nazariy-amaliy asoslari, ayni yo‘nalishlarda jahonda va mamlakatimizda olib borilayotgan tadqiqotlar, yangi kashfiyot va ixtirolar haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, I.Sodiqov o‘qituvchilar bilan ham onlayn muloqotda bo‘lib, STEM fanlarini o‘qitishning samarali usullari, yangi pedagogik yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni taqdim etish bo‘yicha amaliy tajribalar haqida ma’lumot berdi.
Ma’lumot o‘rnida, akademik I.Sodiqov boshchiligida Yadro fizikasi instituti ishlanmalari Respublikamiz va xorijda ham keng amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, tibbiyot sohasida import o‘rnini bosuvchi radiodiagnostika va fizioterapevtik mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.