“Raqamli avlod qizlari-2021” forumi - zamonaviy bilimlar sari yo'l

 

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi  tashabbusi bilan tashkil etilgan “Raqamli avlod qizlari-2021” forumi mamlakatimizda qizlarning axborot-texnologiyalari sohasiga qiziqishini oshirish hamda ishtirokini rag‘batlantirishga, ta’limni targ‘ib qilishga va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. 

Shuningdek, tanqidiy fikrlash, yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish,  tadbirkorlik va innovatsion yo‘nalishlarda loyihalarni boshqarish malakalarini rivojlantirish, shu bilan birga o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishda ularni qo‘llab-quvvatlash, keyinchalik ham qizlarning bandligini ta’minlash, soha mutaxassislari, mahalliy va yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirokida tadbirlar, forumlar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv kurslarini tashkil etish va o‘tkazish, iqtisodiyotning texnologik sohalarida gender muammolari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Forumda 1241 nafar qizlar qatnashish istagini bildirib, ulardan 45 nafari 2 bosqichli saralash asosida tanlab olindi. Bunda ularning bilim va tajribasi, jamoada ishlash qobiliyatlari, tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ochilish marosimidan so‘ng, qatnashchilar 3 kun davomida malakali mentorlardan web-dasturlash, grafik dizayn, loyihalarni boshqarish yo‘nalishlarida bilim olishdi hamda guruhlarga bo‘lingan holda, ta’lim, tibbiyot, turizm sohalarida ma’lum ijtimoiy muammo yechimiga yo’naltirilgan loyiha ishlab chiqishdi. 

 

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova mazkur forumning bugungi davr uchun ahamiyati xususida ta’kidlab o‘tdi: 

- Yurtboshimiz tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning turli sohalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi hamda  ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu forum ham ayni shu maqsadni ko‘zda tutadi.  Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ushbu loyiha eshitishida nuqsoni bor  qizlarga ham o‘z iqtidorlarini namoyish etish imkonini yaratdi. Qatnashchilar ta’lim, tibbiyot, turizm sohalarida ma’lum ijtimoiy muammo yechimiga yo‘naltirilgan loyihalar ishlab chiqishdi.

 

 

Yopilish marosimida 15 ta jamoa o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etishdi, bu loyihalar hakamlar hay’ati tomonidan baholandi va har bir yo‘nalish bo‘yicha eng dolzarb va innovativ deb topilgan loyiha ishtirokchilari rag‘batlantirildi. 

Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan daun sindromli bolalarning umumiy ta’lim olishiga yo‘naltirilgan “Porla” ijtimoiy loyihasining mobil ilovasi loyihasi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan E-Med loyihasi ham Forumda eng yaxshi loyihalardan biri deb topildi. Ushbu loyiha yurtimizdagi barcha tibbiyot maskanlari, tibbiy varaqalar va tibbiy tashxislar bilan bog’liq barcha ma’lumotlarni elektron shaklga o‘tkazishni ta’minlashga qaratilgan.

Turizm yo‘nalishida taqdim etilgan gidlar topish, tashriflar haqida fikrlar va xizmatlarning aniq narxlari ko‘rsatilgan ma’lumotlarni jamlashga qaratilgan loyiha soha bo‘yicha mavjud muammolar yechimiga yo'naltirilgan.

 Tashkil etilgan bu kabi loyihalar jamiyatimizda yetuk fikrli, mustaqil yoshlarni yuzaga chiqaradi, ularga yo‘nalish beradi va barkamol shaxs bo‘lib yetishlarida muhim vosita vazifasini o‘taydi.