27-iyun — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik

 

Axborotdagi tezkorlik, tahlillardagi xolislik, chuqur mushohada bularning barchasida soʻz yuki, masʼuliyati mujassam. Har kuni mana shunday sharafli vazifani bajarib kelayotgan soha xodimlari borki, ularsiz jamiyatni tasavvur qilib qiyin. Shubhasiz bu ommaviy axborot vositalari xodimlaridir!

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalarining fidoyilari! Sizlarni shaxsan oʻzim hamda Agentlikning barcha xodimlari nomidan 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman. Sharafli mehnatingiz, haqiqatni soʻzlashdagi jasoratingiz va yaxshilikni keng yoyishdagi joʻshqin ishtiyoqingiz aslo soʻnmasin. Hayot haqiqatlarini, atrofimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni va albatta, amalga oshirilayotgan ishlarimizdagi yutuq hamda kamchiliklarimizni roʻyi-rost koʻrsatib berayotganingiz uchun sizlardan minnatdormiz.

Siz soʻz orqali jamoatchilik fikrini shakllantirish, adolat va haqiqatni qaror toptirish yoʻlida izlanasiz. Kezi kelganda ayrim insonlar oʻz fikrini toʻgʻri ifoda eta olishga ham ojizlik qilgan bir pallada, mahoratingiz bilan nafaqat aholi oʻrtasida, balki xalqlar, mamlakatlar, millatlar oʻrtasidagi muvozanatni saqlash, oʻzaro anglashuv asosida yashashi uchun xizmat qilasiz. Bu yoʻldagi xolis xizmatlaringiz hamisha faqat va tinchlik va osoyishtalikni saqlash, taraqqiyot va yuksalishga hissa qoʻshishiga tilakdoshmiz.

Yurtimizda milliy matbuotni rivojlantirish, axborot sohasini isloh qilish, matbuot va soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari mustaqilligiga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojini yangi bosqichga koʻtardi. Qalam ahliga boʻlgan hurmat va eʼtibor yuksaldi. Bundan ruhlangan soha xodimlari yana-da shijoat bilan faoliyat yuritayotgani hech kimga sir emas, albatta. Har qanday sharoitda ham, xususan, pandemiya davrida ham, xalqimizni yangiliklardan, yurtimiz hayoti va jahonda sodir boʻlayotgan voqeliklardan xabardor qilishda jonbozlik koʻrsatganingiz uchun alohida tashakkur aytamiz.

Bir narsani ishonch bilan ayta olaman. Sizga hech bir taʼrif va tahsinning keragi yoʻq. Aslida oʻtkir qalami va qudratli soʻzi bilan matbuotimiz rivoji hamda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan, xalqimiz dardu tashvishlarini xolisona yoritishni oʻzlarining sharafli va muqaddas burchi, deb bilgan ijod ahlining mehnatini har qancha eʼtirof etsak arziydi.

Hurmatli jurnalistlar, Sizlarni yana bir bor qutlugʻ va sharafli kasb bayramingiz — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, ijodiy muvaffaqiyat tilayman.

Sarvar Babaxodjayev,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari.