“Akademik bilan suhbat” on-layn loyihasi ishga tushirildi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi hamkorlikda “Akademik bilan suhbat” on-layn loyihasini tashkil qilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi Fanlar akademiyasida faoliyat yuritib kelayotgan akademiklar bilan iqtidorli yoshlarning oʻzaro muloqotini yoʻlga qoʻyish, ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalarni muhokama qilish hamda ilm-fan yoʻnalishida yechimini kutayotgan masalalar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishdan iborat. Anjumanda oʻquvchilar taʼlim dargohida kimyo va biologiya fanlaridan olayotgan bilimlarini amaliyotda joriy etish usullari toʻgʻrisida savol-javob qilishi va bugungi kunda dolzarb boʻlgan ilmiy tadqiqotlar toʻgʻrisida tushunchaga ega boʻlishi kutilmoqda.

Joriy yilning 2-iyun kuni Xiva shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari hamda akademik bilan on-layn suhbat Zoom platformasi orqali boʻlib oʻtadi. “Akademik bilan suhbat” on-layn loyihasining ilk mehmoni — akademik, professor, kimyo fanlari doktori Baxtiyor Tulaganovich Ibragimovdir.

Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi kimyo-biologiya fanlari boʻyicha vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimov 1949-yil 11-mayda Toshkent shahrida tavallud topgan.

Kimyo fanlari doktori, professor, akademik Baxtiyor Ibragimov 1973-yil Leningrad davlat universitetini tamomlagan. Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo institutida stajyor-tadqiqotchi, kichik, katta va yetakchi ilmiy xodim boʻlib ishlagan.

Uch yuzdan ortiq ilmiy ishlar, uch monografiya, koʻplab ixtirolar muallifi Baxtiyor Ibragimov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.