AKADEMIK ISHTIROKIDA DAVRA SUHBATI

#Farmon_ijrosi_amalda 
#Akademik_bilan_muloqot 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi "Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilingan edi. 

Mazkur farmonda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi alohida belgilab oʻtilgan.

Farmon ijrosi doirasida Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida OʻzFA akademigi Qodir Gʻulomov bilan "Fizika va hayot" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Muloqot davomida akademik tomonidan fizika faniga oid  qiziqarli mavzular bo'yicha keng nazariy tushunchalar, taniqli fizik olimlar, ularning umumjahon faniga qoʻshgan hissasi, fizika sohasida mamlakatimiz va jahonda olib borilayotgan tadqiqotlar haqida maʼlumotlar berildi. 

Maʼlumot oʻrnida, akademik Q.Gʻulomov yuqori energiyalar fizikasi, yadro fizikasi, elementar zarralar fizikasi, materialshunoslik sohalariga oid ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Uning rahbarligida turli tipdagi quyosh kollektorlari, fotobatareyalar, yangi abraziv uskunalar, izolyatorlar va keramik buyumlar yaratilib, ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.