Akademik Toʻra Mirzayev bilan on-layn suhbat

 

“Аkademik bilan suhbat” onlayn loyihasining bu galgi mehmoni OʻzR FA akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, folklorshunos olim filologiya fanlari doktori, professor Toʻra Mirzayev boʻldilar.

Ushbu onlayn suhbatda 50 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari oʻquvchilari, shuningdek, oʻqituvchilar ishtirok etdilar. Akademik Toʻra Mirzayev onlayn suhbat ishtirokchilariga oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi, folklorshunoslik, oʻzbek baxshichiligi haqida qiziqarli maʼlumotlarni gapirib berdilar hamda oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Shuningdek, akademik Toʻra Mirzayev xalq ogʻzaki ijodi bu millatimizning oʻzligini anglashida, milliy urf-odatlarimizni avlodlarga yetkazuvchi muhim manba sifatida taʼriflab oʻquvchilarni ota-onalaridan, buva-buvilaridan eshitgan har xil rivoyatlar, maqol-masallar, dostonlarni yigʻib borishlarini va shu asosida oʻzbek xalq ogʻzaki ijodini boyitishga oʻz hissalarini qoʻshishga chorladi.

Toʻra Mirzayev suhbat soʻngida oʻquvchilarga “Har qanday muvaffaqiyating tagida mehnat va intilish yotadi, shu sababli bugungi kunda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan kelib chiqib ilm olishdan hech qachon toʻxtamasliklari va har doim bilim olishga intilishi kerakligini,“ alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Shuningdek joriy yilning 11 iyun kuni soat 10:00 da Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti boʻlim mudiri, akademik, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Abdullayevich Hakimov bilan “Tarixiy ong va sanʼat”mavzusida on-layn muloqot boʻlib oʻtadi.