Aziz bitiruvchilar!

 

Bugun barchamiz uchun ham quvonarli, ham hayajonli muhim kundir. Bugun Siz katta hayot tomon qadam bosish ostonasida turibsiz. Aynan bugun mustaqil qabul qiladigan qarorlaringiz, rejalaringiz kelajagingiz uchun qoʻyilgan mustahkam poydevor boʻladi. Shuning uchun har bir qadamingizni sinchkovlik bilan oʻylab, oldinga dadil intilishingizga tilakdoshmiz.

Sizlarning yutuq va tajribangiz uka-singillaringizga oʻrnak boʻladi. Shunday ekan, doimo Sizga mehr ila bilim bergan ustoz va murabbiylaringizning nasihatlarini yodda tuting. Maktabingiz Sizlarni qarshi olishga, zarur maslahat va yordamga doimo tayyor.

Siz uchun bugun soʻnggi qoʻngʻiroq jaranglaydi... Uni doimo qalbingizda saqlang... Toki ortingizda kichik Vatan – Sizni doimo sogʻinib, suyib esga oluvchi qadrdon maskaningiz borligi koʻnglingizga xotirjamlik baxsh etsin!

Oq yoʻl, qadrdon farzandlarimiz!

Sarvar Babaxodjayev,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari.