Aziz ustozlar, muhtaram oʻqituvchi va murabbiylar!

Yer yuzida jamiki inson borki, uning kamolotida, shaxs sifatida shakllanishida va jamiyatda oʻz oʻrnini topishida Siz azizlarning mehnatingiz, oʻrningiz beqiyos. Zahmatkash, fidoyi muallim va oʻqituvchilar oʻz shogirdlariga nafaqat bilim beradilar, balki ular qalbiga insonga xos ezgu fazilatlarni singdirib boradilar. Oʻquvchisi mehr-oqibat, sadoqat, mehnatsevarlik singari xislatlar bilan ulgʻayishini istab turli pand-nasihatlar beradi, toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Xuddi ota-onamiz kabi kichik yutuqlarimizdan quvonadi, bizdagi koʻrinmas iqtidorni, qobiliyatni ilgʻay oladi, uni rivojlantirishga harakat qiladi.

Umuman olganda, hayotda turli yoʻnalishlarda yutuqlarga erishib kelayotgan, yuksak marralarni zabt etayotgan yoshlarning muvaffaqiyatida tabiiyki, ustozlarning beminnat mehnatlari samarasi mujassam. Zotan, yillar davomida berilgan taʼlim-tarbiya, mashaqqatli mehnat mevasi vaqt oʻtib ana shunday hosil beradi.

Bugungi kun oʻqituvchisining kechagidan farqi yoʻq. Ularning maqsadlari hamisha bir xil. Lekin ishlash tartibi, sharoit va talablar boshqa. Taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar mehnatni munosib ragʻbatlantirish, moddiy-texnik baza hamda ishlash sharoiti, sifatni yana-da yaxshilashga\oshirishga qaratilgan. Bu orqali yoshlarni zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarga ega, barkamol avlod qilib ulgʻaytirish maqsad qilingan.

Xususan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi ushbu maqsadlar mushtarakligiga xizmat qiluvchi tashkilot hisoblanadi. Tizimdagi taʼlim muassasalari faoliyati koʻlamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar, uslublar asosida jahon standartlariga mos ravishda bolalarga taʼlim-tarbiya berishni taʼminlash, nazorat qilish, muvofiqlashtirish masalalari ustuvor vazifa sanaladi. Aytib oʻtilgan yoʻnalishlarda ish tashkil qilib, oʻqitishda yangi, samarali usullarni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun oʻquvchilarimiz turli fan olimpiadalari, tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib, ustozlari ishonchini oqlashga harakat qilayotgan boʻlsa, oʻqituvchilar mehnatlari samarasi sifatida davlat mukofotlari, orden va medallar bilan taqdirlanmoqdalar. Qisqa vaqt ichida taʼlimdagi yangicha yondashuv oʻz samarasini bera boshladi. Kelgusida bu ishlarni yana-da takomillashtirish borasida rejalarimiz mavjud.

Oʻqituvchilarning ragʻbatlantirilishi, mukofotlanishi qalbimizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Zero, ular oʻz mehnatlari bilan nafaqat bir insonning, balki butun jamiyat taqdiridagi ijobiy oʻzgarishlar, yuksalishlarga hissa qoʻshadilar. Yoshlarni ham maʼnan, ham jismonan, asosiysi, ruhan sogʻlom, dunyoqarashi keng, nazari toʻq va nigohi oʻtkir boʻlishi ham oʻqituvchilarning saʼy-harakatiga bogʻliq. Mana shu yoʻlda hormay-tolmay mehnat qilayotgan, har qanday vaziyatda ham taʼlim-tarbiyani birinchi oʻringa olib chiqayotgan Siz aziz Ustozlarga hamisha taʼzimdamiz.

Masʼuliyatli vazifani zimmasiga olib, maqsadi yoʻlida ishonch bilan qadam tashlayotgan aziz Ustozlar, qalbi daryo Oʻqituvchi va Murabbiylar! Bugun sizning shaʼningizga har qachongidan koʻp iliq soʻzlar, samimiy tilaklar bildiriladi. Doimgidan ortiqroq eʼtibor va eʼzoz koʻrsatiladi. Siz aslida har kuni ana shunday maqtovlarga, shirin gapga arziysiz\loyiqsiz. Shunday ekan, sharafli kasb egalariga, eng avvalo, sogʻlik, oilaviy xotirjamlik, bekami-koʻst baxt, kuch-quvvat va zafarlar tilayman. Bayram muborak muhtaram Ustozlar!

Sarvar BABAXODJAYEV,

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori.