“Digital Finance” yoʻnalishi boʻyicha IDEATON tanloviga start berildi

Biz, ota-onalar, farzandlarimiz ilm-maʼrifatli, kelajakda oʻz oilasi, Vataniga foyda keltiradigan baxtli va komil inson boʻlib yetishishlari uchun erta-yu kech harakatdamiz.

Lekin ularga turli jamgʻarmalar va sarmoyalar haqida qanchalar zarur tushuncha hamda maʼlumotlar beryapmiz?! Ertaga oʻz hayotlari davomida butun shaxsiy moliya mablagʻlarini qay darajada toʻgʻri boshqara oladilar?...

Bu kabi savollarga javob topish maqsadida biz yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga ham katta eʼtibor qaratmoqchimiz.

“Global Money Week” haftaligi doirasida IT park hamda Agentlik tomonidan hamkorlikda, Prezident maktablari oʻquvchilari orasida “Digital Finance” yoʻnalishi boʻyicha IDEATON tanloviga start berildi.

Ideaton – axborot texnologiyalari orqali insonning kundalik hayotiga tatbiq etilishi mumkin boʻlgan innovatsion gʻoyalarni yaratish va taqdim etish boʻyicha tadbir.

Tadbirning maqsadi bolalarni “Digital Finance” (raqamli moliya) sohasini rivojlantirishga jalb qilish va zamonaviy “Digital Finance” texnologiyalarini ommalashtirish va ularni kundalik hayotda turli vazifalarni hal qilishda qoʻllashdir.

Oʻtkaziladigan sanalar:

- Ariza berish: 4-20-mart

- Final uchun arizalarni saralash: 21-25-mart

- Final: 27-mart

Qanday gʻoyalar qabul qilinadi?

Insonning kundalik hayotini soddalashtirish\osonlashtirish uchun elektron pul, moliyaviy texnologiyalar bilan bogʻliq har qanday fikr va gʻoya!

Ariza berish uchun nimalar kerak boʻladi?!

- Gʻoya!

- Taqdimot formati: .ppt / .pptx

- Quyida keltirilgan havola orqali ariza topshirish va taqdimotni yuklash kerak:

https://forms.gle/TKmEzMJDkKjupcbY9

Uchta eng yaxshi loyiha egalarini qimmatbaho sovgʻalar kutmoqda!

Maʼlumot oʻrnida:

“Global Money Week” (GMW) – bir vaqtning oʻzida dunyoning 175 ta mamlakatida boʻlib oʻtmoqda va Oʻzbekiston unda birinchi marta ishtirok etmoqda.

GMW davomida milliy tashkilotlar, moliya muassasalari, banklar, notijorat va yoshlar tashkilotlari, mahalliy korxonalar, universitetlar, maktablar va boshqalar birgalikda:

• banklar, parlamentlar, markaziy banklar, fond birjalari, valyuta birjalari, mahalliy korxonalar va xalqaro korporativ kompaniyalarga tashrif buyuradilar;

• moliyaviy seminarlar va sessiyalar oʻtkaziladi;

• moliyaviy taʼlim yarmarkalari, ochiq bozordagi tadbirlar, moliyaviy savodxonlik namoyishlarini oʻtkazadilar;

• moliyaviy-maʼrifiy oʻyinlar va jamgʻarish boʻyicha tanlovlar va shu kabilarni amalga oshirish orqali “Learn, earn, save” mavzusida turli tadbirlarni tashkil qilish uchun hamkorlikda ishlaydilar.

Xalqaro GMW tadbiri yoshlarga moliyaviy taʼlim berish boʻyicha yetakchi kompaniya – Iqtisodiy Hamkorlik va Rivojlanish Tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etildi.

“Global Money Week” tadbirida IT Park ham ishtirok etib, “Digital Finance” mavzusini ochib beradi. IFC (Xalqaro moliya korporatsiyasi), Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, PayMe kompaniyasi va Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi mazkur yoʻnalish boʻyicha tadbirning hamtashkilotchilari hisoblanadi.