Faoliyatimizga tanqidiy nazar bilan baho berish ishimizda burilish yasaydi

 

Yurtimizda taʼlim tizimi chin maʼnoda xalq harakatiga aylandi. Ana shu harakatning amaliy ifodasi sifatida soʻnggi ikki yilda 556 milliard soʻm mablagʻ hisobidan 77 ta yangi maktab qurildi. 1 ming 930 ta maktabda qayta qurish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Davlatimiz rahbari esa bu boradagi islohotlarga bagʻishlangan ochiq darsni oʻtib berdi. Unda milliy taʼlimni 4 ustunga asoslanishi taʼkidlandi. Yaʼni, maktabgacha taʼlim, maktab, oliy oʻquv yurti va ilmiy muassasalar bu tizimning bosh ustuni ekani qayd etildi. Shunga qoʻshimcha ravishda ota-onalar va ularning farzandlariga boʻlgan eʼtibor beshinchi ustun ekaniga urgʻu berildi.

Oʻqituvchining zimmasidagi masʼuliyatli vazifasi eʼtirof etilib, ularning zahmati, mashaqqatli vazifalariga eʼtibor qaratildi.Hech kimga sir boʻlmagan bir haqiqatni taʼkidlamoqchimiz. Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega. Shunday ekan, ularga tayanib, yangi davr, zamonaviy taʼlim poydevorini yaratishimiz mumkin. Zero, yangi Oʻzbekiston taʼlimga, ilm-maʼrifatga asoslanishi kerak. Demak, uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun bizda imkoniyatlar yetarli. Faqatgina ulardan qay darajada foydalana olishimiz, oqilona, oʻylab qadam tashlashimiz muhim ekanini unutmasligimiz zarur. Aytish kerakki, keyingi paytda taʼlim sohasida mutlaqo yangi tizim yaratish maqsadida Prezident va ijod maktablari tashkil etila boshlandi. Ularning zimmasiga barcha umumtaʼlim maktablari uchun oʻrnak va andoza boʻlish vazifasi yuklatilgan. Bir haqiqatni tan olish zarur. Ayni paytda turli sabablar bilan bu boradagi kutilgan jonbozlik va tashabbuskorlik koʻrsata olmadik. Lekin zimmamizda katta masʼuliyat hamda majburiyat borligini his qilib turibmiz. Oldinda qilinishi kerak boʻlgan vazifalarimiz bisyor. Chunki shiddat bilan rivojlanayotgan zamon har birimizdan doimo izlanib, tashabbus koʻrsatib, yangicha ishlashni talab etmoqda. Demak, koʻzlagan maqsadlarimizga erishish uchun, maktabning ham, unda faoliyat olib borayotganlarning ham masʼuliyatini oshiradigan vaqt keldi. Bu bugungi kunning talabi va kechiktirib boʻlmas shartidir.Birinchi navbatda, oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini, tajribasini oshirish kerak. Buning uchun bor imkoniyatlarni ishga solish zarur.

Ayni paytda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tarkibidagi ayrim maktablarda xorijiy pedagoglarni jalb qilish va oʻzaro tajriba almashish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Kelgusida mazkur tajribani ommalashtirish, har bir maktabda bu usulni qoʻllash kerak. Faqat shuning oʻzigina emas. Yurtimiz oʻqituvchilarini xorijga malaka oshirish uchun yuborish ham ish samaradorligiga hissa qoʻshadi, deb oʻylayman.Shu oʻrinda koʻpchilik uchun muhim va qiziq boʻlgan bir masalaga toʻxtalmoqchiman. Kuni kecha davlatimiz rahbari taʼkidlagan savol, yaʼni nima uchun aksariyat maktablarimiz 11 yil oʻqitgan oʻquvchilar oliygohga kira olmayapti-yu, repetitor 2 yilda bunga erishyapti? Aslida bu achinarli holat hisoblanadi. Chunki yurtimizda 11 yillik bepul majburiy taʼlim yoʻlga qoʻyilgan va davlat buning uchun har yili milliardlab mablagʻ sarflaydi. Bir necha yillar berilgan bilimning samarasizligiga kim javobgar? Bu haqda har birimiz bosh qotirishimiz shart. Har bir maktab oʻqituvchisi, jamoasi va direktorini, har qaysi vijdonli pedagogni ushbu savol oʻylantirishi zarur. Aks holda, oʻquvchining 11 yil umrini oʻtkazgan maktabga va unda munosib taʼlim berilishiga ishonchi soʻnadi. Ota-onalarda maktab oldidagi masʼuliyat yoʻqoladi. Umuman, sarflangan mablagʻ ham, vaqt ham zoye ketadi. Natijada jamiyatimizda chinakam savodlilar yetishmovchiligi davom etaveradi.Davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda juda muhim bir masalani qayd etdi. Endi maktab jamoatchilik oldida hisobot beradigan boʻlishi aytildi. Bundan buyon maktabni bitirgan oʻquvchi oliygohga kirishi kerak yoki maktab davridayoq biror-bir kasb-hunarga ega boʻlishi shart. Aynan shu mezon asosida maktab jamoasi va direktori faoliyatiga baho beriladi. Tabiiyki, bundan biz soha mutaxassislari oʻzimiz uchun tegishli xulosa chiqarib olishimiz talab etiladi. Xususan, kichik yutuqlarimizdan havolanib ketmaslik, hamisha ishimizga tanqidiy nazar bilan qarash orqali faoliyatimizda ijobiy oʻzgarish kuzatiladi. Oliy maʼlumotliman, malakam yetarli, tajribam bor oʻqishim, oʻrganishim shart emas, degan inson xato qiladi. Zero, ilmni oʻrganib tugatib boʻlmaydi, vaqt oʻtgani sayin yangilanib boradi. Shuningdek, qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, umuman, meʼyoriy hujjatlarni yaxshi bilish, ularni hayotga tatbiq etish orqali ham samaradorlikka erishish mumkin.

Yana bir masala. Bugungi kun oʻqituvchisi, tarbiyachisi, pedagogi taʼlim va ilm-fan sohasidagi eng soʻnggi ijobiy yangiliklarni oʻquv jarayonlariga tatbiq eta olishi zarur. Shu bilan birga, ulardan chuqur bilim va dunyoqarash egasi, bir soʻz bilan aytganda, zamonamiz, jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlishi lozim. Bu haqda chuqur, vijdonan oʻylaganda, qilishimiz kerak boʻlgan ishlar, hali koʻp oʻrganishimiz, oʻz ustimizda ishlashimiz zarurligini his etamiz.Shu oʻrinda Agentlik tizimidagi muassasalar haqida toʻxtalib oʻtishni joiz, deb bilaman. Taʼlimga yangicha yondashuvga tayangan holda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 9 ta ijod maktablari ona tili va adabiyot hamda xorijiy tillarni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan boʻlib, ular Toshkent shahri va viloyatlardagi yirik shaharlarda joylashgan. Lekin ayrim hududlarda mavjud boʻlmagan maktablar bunyod etiladi. Kelgusida Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ijod maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2021-yilda Buxoro viloyatida Muxtor Ashrafiy, Surxondaryo viloyatida Roʻzi Choriyev nomidagi ijod maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bundan koʻrinib turibdiki, har bir hududda iqtidorli bolalarni qamrab olish imkoni ortadi. Misol uchun, yaqin kelajakda Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyatlarida ham ijod maktablarini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Bu orqali ijodkor oʻquvchilar uchun ham zamonaviy shart-sharoitlarda ona tili va adabiyot hamda xorijiy tillardan chuqur bilim olish imkoniyati yaratiladi.Eʼtiborli jihati, ijod maktablarida ona tili va adabiyot, chet tili fanlaridan tashqari, tasviriy sanʼat, kompyuter grafikasi, dizayn, musiqa kabi yoʻnalishlarini ham chuqurlashtirib oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.Shugina emas albatta.

Aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarni koʻpaytirish chora-tadbirlari ham belgilangan boʻlib, ularda oʻquvchilar tor doiradagi mutaxassislikka tayyorlanadi. Jumladan, u yerda kimyo, biologiya, matematika, fizika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishlariga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitiladi. Hozirda poytaxtimizda 3 ta ana shunday taʼlim muassasalarida yuzlab oʻgʻil-qizlar tahsil olmoqda. Ushbu maktablarda ixtisoslashtirilgan fanlar uchun 7-11-sinf hajmida haftasiga 25 soat ajratilib, ularning oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqildi.Bu ishlarning davomi sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar markazlarida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Shu bilan birga, matematika faniga chuqur oʻrgatiladigan maktablarni tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Kelgusi rejalarimiz, amalga oshirishimiz kerak boʻlgan vazifalar koʻlami juda keng. Zimmamizda katta masʼuliyat turibdi. Koʻzlangan maqsadlarni samarali yakunlash uchun xatolarimizdan toʻgʻri xulosa chiqarib olishimiz, yutuqlardan havolanmaslik lozim. Ana shunda ishimizda unum boʻladi, natija koʻrinadi. Quruq gaplarga aldanmasdan oldimizga aniq reja qoʻyib, ana shu asosda ish tashkil qilish lozim. Buning uchun ayrim oʻqitish uslublariga oʻzgartirish kiritish talab etiladi. Masalan, aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish metodikasi murakkab tuzilgani, ularda nazariy bilimlar amaliyot bilan bogʻlanmagani, oʻquv dasturlarida uzviylikning yoʻqligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

Amaldagi taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlari asosan oʻquvchini taʼlimning navbatdagi bosqichiga tayyorlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularni erkin fikrlash va mustaqil hayotga tayyorlash masalasi eʼtibordan chetda qolmoqda. Bunday holatlarga barham berish uchun, xorijiy ekspertlar hamda tajribali oʻqituvchilarni keng jalb qilgan holda, umumiy taʼlimning Milliy oʻquv dasturi loyihasini ishlab chiqish, joriy oʻquv yili davomida uni ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida sinovdan oʻtkazish kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Sarvar Babakhodjaev


http://uzdaily.uz/uz/post/6677