Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga bagʻishlangan badiiy film suratga olinmoqda

 

“Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan “New sight media” ijodiy studiyasi tomonidan shoir, dramaturg Hamid Olimjon hamda shoira Zulfiya hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Muhabbat bahori” nomli badiiy film suratga olinmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati Kun.uzʻga xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, filmda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning bolalik davri va ijodiy faoliyati haqida hikoya qilinadi. Unda jumladan, 1920-1940-yillar voqeliklarini koʻrish mumkin.

«Suratga olish ishlari joriy yilning noyabr oyida tugallanishi rejalashtirilgan boʻlib, shoir Hamid Olimjon tavalludining 111-yilligi munosabati bilan dekabr oyida premyera boʻlishi kutilmoqda.

Filmning suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtmoqda.

Film rejissyori Ibrohim Rasulov, ssenariy mualliflari Mikoil Sulaymanov va Zulfiya Qurolboy qizi, postanovkachi-operator esa Talʼat Mansurov», – deyiladi agentlik maʼlumotida.

Qoʻshimcha qilinishicha, “Muhabbat bahori”da bosh rollarni Hamza Hasanov (Hamid Olimjon), Shahnoza Hojimurodova (Zulfiya), Shohida Ismoilova, Abdurayim Abduvahobov, Mehriddin Rahmatov ijro etgan. Unda shuningdek, viloyat teatrlarining koʻplab mohir aktyorlarini ham koʻrish mumkin.

Film rejissyori Ibrohim Rasulovning aytishicha, “Muhabbat bahori”da Hamid Olimjon va shoira Zulfiyaxonimning bir-biriga sadoqati, ularning adabiyotga qoʻshgan hissasi, Hamid Olimjonning arboblik ishlari haqida soʻz yuritiladi.

«Filmni suratga olish ishlari yurtimizning turli hududlarida boʻlib oʻtmoqda. Jumladan, uning maʼlum sahnalarini Hamid Olimjon yashagan hovlida ham suratga olish rejalashtirilgan, - deydi u.