Ijod maktablari imtihonining birinchi bosqichi yakunlandi

Agentlik tizimidagi ijod maktablari saralash imtihonlarining birinchi bosqichi yakunlandi. Xabar qilinganidek, 1-7 iyul kunlari barcha ijod maktablariga 2021-2022 o‘quv yili uchun iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish uchun kirish imtihonlarining 1-bosqichi o‘tkazildi.

Imtihonning 1-bosqichi tartibi
Mazkur bosqich ikki turda tashkil etildi. Birinchi tur - yozma ish bo‘lib mazkur sinov 1-iyul kuni o‘tkazildi.  Ikkinchi tur-og‘zaki suhbat bo‘lib, u 2-7 iyul kunlari o‘tkazildi.
Ijod maktablariga topshirilgan hujjatlar va kvotalar 
Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida mazkur o‘quv yili uchun 7-sinfga 12 nafar o‘quvchi qabul qilinadi va imtihonda ishtirok etish maqsadida 110 o‘quvchining arizalari qabul qilingan.
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabiga 330 nafar nomzod o`z hujjatlarini onlayn tarzda topshirishgan. 
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga joriy o'quv yili uchun 38 o'rin ajratilgan bo'lib, 297 nafar nomzod hujjat topshirgan. 
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga 282 nafar nomzod online hujjat  topshirgan. 7-sinfga 12 nafar, 8 sinfga 14 nafar o’quvchi qabul qilinadi. 
Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida ham ijodiy imtihonlar o‘tkazildi. Yangi o'quv yili uchun 1028 ta o'quvchi ariza topshirgan.
Ogahiy nomidagi ijod maktabiga joriy o'quv yili uchun 7-8-9-sinflarga 34 o'rin ajratilgan bo'lib, 240 nafar nomzodlar hujjat topshirgan. 
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabiga 2021-2022 o‘quv yili uchun 7- va 8- sinflar uchun jami 66 nafar o‘quvchi qabul qiladi. 413 ta hujjat topshirilgan.

Shaffoflik muhim maqsad
Birinchi bosqichning ikki turida ham barcha imtihon o'tkazilgan maktablarda  Face ID tizimi orqali talabgor-o'quvchilar shaxsiga aniqlik kiritilib, so'ngra imtihonga kiritildi. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida imtihon jarayoniga jurnalistlar ham taklif etilib, ular jarayonni yoritishdi.  Shuningdek, nomzodlarning ota-onalari uchun farzandining qay tartibda imtihon topshirayotganligini zoom orqali kuzatish imkoni yaratildi.

Birinchi bosqich natijalarini tekshirish
Birinchi bosqich natijalarini bilish uchun har bir talabgor  ariza.piima.uz  sayti orqali o‘zining shaxsiy kabinetiga kirishi lozim. Eslatib o‘tamiz, imtihonning birinchi bosqichi natijalari allaqachon e’lon qilingan. Ikkinchi bosqichi esa test sinovlari bo‘lib, mazkur bosqichning sana va vaqti  tez kunlarda Agentlikning barcha rasmiy kanal, sahifa va veb-saytida yoritiladi. Birinchi bosqichda qatnashgan barcha nomzodlar to‘plagan  balidan qat’i nazar ikkinchi bosqichda ham qatnashish imkoniga ega.  Testdan so‘ng, nomzod to‘plangan ballar hisobiga ko‘ra yakuniy natijalar e’lon qilinadi.

Agentlik axborot xizmati