Shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiyalar davrida kompyuter va robototexnikalar tufayli har kuni yangidan yangi olamshumul kashfiyotlar amalga oshirilib, oʻzgarishlar yuz bermoqda. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil qilish hamda mazkur jarayonlarda ularning faol ishtirok etishiga erishish bugungi kunning dolzarb talablaridan biridir. Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi Prezident maktabida joriy yilning 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli Innovatsion ishlanmalarni joriy etish markazi direktor oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov hamda markaz mutaxassislari tashrif buyurib, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari, shuningdek, robototexnika fanini oʻrganish yoshlarning teran fikrlash qobiliyatini rivojlantirishi, fizika, matematika, informatika darslarida olingan nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda samarali natijalar berishi, eng asosiysi, xalqaro taʼlim tizimi STEM (Science, Technology, Engineering and Mathematics)ning joriy qilinishida oʻz hissasini qoʻshishi toʻgʻrisida asoslangan maʼlumotlarni berib oʻtdilar.
Bugungi kunda yurtimizda avtomatlashtirilgan texnologiya bozori hali rivojlanish bosqichida turibdi. Shuni qayd etish lozimki, robototexnika fanini taʼlim tizimiga izchillik bilan joriy etish kelajakda yoshlarning zamon talablariga mos fikrlash doirasining shakllanishiga zamin yaratadi. Qolaversa, nafaqat robototexnika sohasi, balki iqtisodiyotning boshqa turli tizimlari rivojlanishiga ham kuchli turtki beradi.