#ishchi_guruh
#Qoraqalpogʻiston_Respublikasi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Agentlikning Qoraqalpog’iston Respublikasida joylashgan Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarida oʻquvchilarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlari oʻrganildi.
Dars jarayonlari kuzatilib, oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatgichlari tahlil qilindi. Shu bilan birga o‘qituvchilarga ilmiy-pedagogik faoliyatlarini samarali tashkil etish, o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, pedagogik kompetensiyalarini yanada kengaytirish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh tomonidan taʼlim muassasalarida darsdan keyin tashkil etilgan fan, xorijiy tillar, shaxmat toʻgaraklari faoliyati, ularda oʻquvchilar qamrovi ham alohida oʻrganildi.
Shuningdek, oʻquv jarayonida sun’iy intellektga asoslangan raqamli ta’lim platformasi (Cerebry)dan foydalanish, bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalari, SAT, IELTS kabi xalqaro sertifikatlar imtihonlariga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi tahlil qilinib, bu borada malakali pedagoglarning taklif va mulohazalari olindi.
Qolaversa, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni o‘rganish va aholining fikr-mulohazalarini tinglash maqsadida Nukus shahridagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Agentlik direktori Alisher Ubbiyev ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topildi. Yechimi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ularni nazoratga olish belgilandi.