Mahorat darslari endi — xalqimizning sevimli sanʼatkorlari bilan

 

Bugungi kun yoshlar kechagidan farq qiladi. Ular ancha aqlli, keng tafakkurli boʻlib, taʼlimda ham yangicha yondashuvlarni kutadi. Shundan kelib chiqib, ularni darslarga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida turli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xabaringiz bor, joriy yilning 12-13-mart kunlari davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida har bir soha obyektlari qatori Xiva shahridagi Prezident maktabi bilan ham yaqindan tanishdi. U yerdagi yaratilgan sharoitni kuzatib, oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi. Ushbu tashrif davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻquvchilarni milliy va xorijiy musiqaga boʻlgan mehrini oshirish, ularning maʼnaviyatini yana-da yuksaltirishga qaratilgan yangi tajribalar amaliyotga joriy etildi. Jumladan, Madaniyat vazirligi tomonidan Prezident va ijod maktablariga taniqli sanʼatkorlar, madaniyat va sanʼat arboblari biriktirildi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.

Masalan, xalqimizning sevimli sanʼatkori, Oʻzbekiston xalq artisti Gʻulomjon Yoqubov poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga biriktirilgan boʻlsa, sohir ovoz sohibi, millionlab muxlisga ega inson, Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev Sirdaryo viloyatida joylashgan Halima Xudoyberdiyeva, Gulsanam Mamazoidova Fargʻona shahridagi Erkin Vohidov ijod maktabi oʻquvchilarining doimiy yoʻqlovchisi sifatida belgilandi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Toshkentdagi, Oʻzbekiston Xalq artisti Zulayho Boyxonova Namangan shahridagi, Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Gʻafur Eshchonov Xivadagi va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Maqset Oʻtemuratov Nukus shahridagi Prezident maktablariga biriktirildilar. Ushbu roʻyxatni hali davom ettirish mumkin. Asosiysi har bir sanʼatkor yoki madaniyat arbobi oʻziga xos mahorat, yuksak tajriba, chuqur bilimga egadir. Ularning saʼy-harakatlari bilan oʻquvchilarda ijobiy oʻzgarishlar yuzaga kelib, tanlagan yoʻnilishi boʻyicha yana-da intilish va qiziqish bilan bilim olishiga ishonamiz.

Mashhur insonlar hamisha xalq eʼtiborida va ardogʻida boʻlib kelgan. Ularning oʻquvchilar dargohida boʻlishi esa tabiiyki, yigit-qizlar uchun ragʻbat vazifani oʻtaydi hamda ularning qiziqishlarini yana-da oshiradi. Zotan, endilikda ular sevimli sanʼatkorlari bilan har oyda kamida bir marta koʻrishish, suhbatlashish va mahorat darslaridan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻladilar. Shuningdek, suhbatlar davomida mahoratli yoshlarni aniqlash, ularga oʻz iqtidorlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish ham ushbu amaliyotning asosiy yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Koʻrinib turibdiki, har bir islohot, har bitta oʻzgarish zamirida yangi Oʻzbekistonni tashkil etish, hamyurtlarimizning farovon turmushini taʼminlash, asosiysi, hech kimdan kam boʻlmagan, xalqaro maydonda jahon yoshlari bilan bellasha oladigan avlodni tarbiyalashdek oliy maqsad mujassam. Bu soʻzlarimiz bugun kimgadir balandparvoz boʻlib tuyulishi ham mumkin. Biroq masalani yaxshi anglagan inson biladiki, farzandlarimiz kelajakda ushbu soʻzlarimizning haqiqat ekanini isbotlaydi.

Yurtimizda taʼlim sohasidagi mislsiz oʻzgarishlar ertangi kunga ishonch tuygʻularini yana-da mustahkamladi. Zero, Prezident va ijod maktablarida, biz orzu ham qilmagan sharoitlarga ega maskanlarda koʻplab iqtidorli farzandlarimiz ilm olishdek katta yoʻlga qadam qoʻydi. Bu ularning hayotidagi eng toʻgʻri va maqsadli tanlovdir. Kelgusida turli sohalarda ular erishayotgan yutuqlar, yurtimizga tegayotgan foydasini koʻrish esa barchamiz uchun cheksiz baxt, demakdir.

Zilola Ubaydullaeva