Goʻzal bahor faslining ilk kunlari, “Oʻzbegim ayoli-2020” Milliy mukofotining “Ziyoli ayol” nominatsiyasi gʻolibi – OʻzR FA Genomika va bioinformatika markazi laboratoriyasining mudiri, katta ilmiy xodim, biologiya fanlar doktori Xurshida Ubaydullayeva Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda mehmon boʻldilar.
Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi. Mamlakatimizda xotin qizlarga alohida eʼtibor, sharoit va gʻamxoʻrlik qilinayotganligi, kundan kunga yurtimizda boshqaruv tizimida aynan, Xokim ayollar soni ortib borayotkanligi, olima va faol ayollarimizning el-yurt manfaatti uchun mehnati alohida eʼtirofga sazovor boʻlayotkani buning yorqin namunasidir.
Bugungi kun qahramonimiz, Xurshida Ubaydullayeva gen injeniriyasi bilan shugʻullanadigan xalqaro miqyosda tanilgan olima, 100dan ortiq ilmiy izlanishlar va maqolalar muallifidir.
Shu munosabat bilan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda xalqaro xotin qizlar bayrami arafasida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirga Agentlik tasarrufidagi Abdula Qodiriy ijod maktabi, Toshkent shahridagi Prezident maktabi, Al-Xorazmiy va Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatning qizlari taklif qilindilar. Bayram Mirzo Ulugʻbek maktab oʻquvchilari ishtirokida tayyorlangan badiiy chiqishlar, sahna koʻrinishlari, aziz onalarimiz va munis ayollarimizga bagʻishlangan kuy-u qoʻshiqlar bilan boshlandi. Tantanali bayram tabrigidan soʻng, kechaning aziz mehmoni Xurshida Ubaydullayevaga soʻz berildi. Ular yoshlikdagi orzulari, qiziqishlari va olima ayolning ilmiy ishlarni amalga oshirishning mashaqqatli yoʻli haqida qizlarga gapirib berdilar. Xurshida Ubaydullayevaning aytishlaricha, hayotdagi muvaffaqiyatlarning eng katta siri bu doimiy izlanishda boʻlishdir. Ular inson hech qachon shijoat va harakatini yoʻqotmasligi kerak deb qizlarga maslahat berdilar. Yurtimizning kelajak olima qizlari biologiya va kimyo fanlariga oid qiziqarli savollar berishdi. Xurshida Ubaydullayeva savollarga javob berar ekanlar, uzoq yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlarining natijalarini bir kechalik tadbirda toʻliq gapirib berish birozlik murakkab ekanini taʼkidlab, maktab oʻquvchilarini oʻzlari tadqiqot olib borayotgan markazga taklif qildilar.
Goʻzallik va nafosat, samimiylik va bahoriy kayfiyatda tashkil qilingan tadbir doʻstona kayfiyatda yakunlandi.