Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga qabul jarayonining ikkinchi bosqichi boshlandi

 

5-oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabiga qabul jarayonining ikkinchi bosqichi boshlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi 10-sentabrdan 20-sentabrga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabiga 2020/2021 oʻquv yili uchun 5-9 sinflarga oʻquvchilarning hujjatlarini onlayn qabul jarayonini oʻtkazdilar.

Qabul jarayonining birinchi bosqichi 25-29-sentabr kunlari oʻtkazildi. Unda roʻyxatdan oʻtgan jami 3353 nafar oʻquvchidan 3292 nafari matematika, ingliz tili va fizika fanlaridan tashkil etilgan onlayn imtihonlarda ishtirok etdi.

Birinchi bosqich natijalariga koʻra, 847 nafar oʻquvchi ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar joriy yilning 5-9-oktabr kuni Zoom dasturi orqali onlayn suhbatda ishtirok etadilar.
5-sinf oʻquvchilari uchun onlayn suhbat 5-6-oktabr kuni, 6-7-sinf oʻquvchilari uchun – 7 va 8-oktabr kuni va 8-9-sinf oʻquvchilari uchun – 9-oktabr kuni onlayn suhbatlar tashkil etiladi.

Ikkinchi bosqich imtihonida ingliz tili fanidan 1 ta mavzu boʻyicha oʻqish, tarjima qilish va suhbatlashish mahorati sinovdan oʻtkaziladi, matematika va fizika fanlaridan esa 2 tadan misol ishlanadi.

Imtihon sinovlari Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-oʻqituvchi mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.

Bu yil kvota boʻyicha maktabning 5-sinfga 120, 6-sinfga 60, 7-sinfga 60, 8-sinfga 60, 9-sinfga 30, jami 330 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.