Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab oʻquvchilari “Seeds for the Future” loyihasida ishtirok etmoqdalar

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabining toʻrt nafar oʻquvchisi Xitoyning Huawei kompaniyasining “Seeds for the Future” (Kelajak nihollari) taʼlim loyihasida ilk bor ishtirok etishmoqda.

Huawei kompaniyasi “Seeds for the Future” taʼlim loyihasining ochilish marosimini oʻtkazdi va unda Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalari va AKT sohasidagi yetakchi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Loyiha Oʻzbekistonda olti yildan beri amalga oshirilib kelmoqda. Har yili uning doirasida Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetining (TATU) bir guruh talabalari Huawei kompaniyasining bosh qarorgohida amaliyot oʻtishadi. Dasturda butun dunyodagi 500 dan ortiq universitetlardan jami 30 000 nafar talabalar ishtirok etishdi va uning doirasida umumiy hisobda 5770 nafar eng yaxshi talabalar Xitoyga borishga muvaffaq boʻlishdi.

Butun dunyoda pandemiya tufayli yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda, bu yil “Seeds for the Future” loyihasi onlayn tarzda oʻtkazilmoqda.

Loyihada Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti (TATU) va Toshkent shahridagi Inha universiteti (TIU) talabalari bilan birga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabidan ham toʻrt nafar oʻquvchi ishtirok etmoqda.

Maktab oʻquvchilari Muhammadjon Abdurazoqov, Muhammadislom Yoʻlchiboyev, Nigina Oʻtkirova va Javohir Nurmatjanovlar loyiha doirasida 5 kun davomida 5G texnologiyalari, bulutli hisoblash, sunʼiy intellekt, HMS boʻyicha chuqurlashtirilgan kurslarda qatnashadilar.

Shu bilan birga ular Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohi va bazalari boʻylab virtual sayohatni amalga oshiradilar va Xitoy madaniyati va anʼanalari bilan tanishadilar.