Namanganda Prezident maktabi ochildi

Namangan shahrida Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Marosimni boshlab bergan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga ko‘ra, viloyat miqyosida 8 mingga yaqin yosh Prezident maktabi o‘quvchisi bo‘lish maqsadida imtihon topshirgan bo‘lsa, ulardan eng salohiyatli 144 nafari saralab olingan.

— Namangan uchun bugun tarixiy kun desak mubolag‘a emas. Zero, viloyatdagi boshqa maktablar uchun mayoq vazifasini o‘taydigan ta’lim muassasasi ishga tushmoqda. Yoshlarimiz orasida iste’dodlilari ko‘p. Prezident maktabi esa ularning iqtidorini yanada sayqal toptirishga xizmat qiladi, — dedi viloyat hokimi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarasi axborot xizmatining qayd etishicha, Namangan shahridagi Prezident maktabiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga yollash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Teachaway (Kanada) va TIC Recruitment (Buyuk Britaniya) rekruting kompaniyalari tomonidan 11 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassis tanlab olindi.

Shuningdek, 20 nafar malakali mahalliy o‘qituvchi jalb qilindi.

Ta’limda STEAM yo‘nalishiga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari Cambridge University Press, Oxford University Press va Collins kabi nufuzli nashriyotlar tomonidan olib kelindi.

144 nafar o‘quvchi tahsil oladigan Namangan shahridagi Prezident maktabi 16 ta elektron doska, 36 ta kompyuter to‘plami, zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari va kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlangan. Zamonaviy sport zali va basseyn, 6000 ga yaqin kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida.

Shuningdek, maktabda chet ellik mutaxassislar uchun 15 o‘rinli shinam mehmonxona ham mavjud.

Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev, o‘quvchilar nomidan esa Javohir Isayev va Sarvinoz Habibullayeva so‘zga chiqdi.

Namangan shahridagi Prezident maktabining ilk qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Shundan so‘ng mehmonlar maktab faoliyati bilan tanishib, o‘quv jarayonlarini kuzatdi.