Nukus shahridagi Prezident maktabida “Nukus PS FM” radio loyihasi ish boshladi. Loyihaning asosiy maqsadi oʻquvchi yoshlarning ommaviy axborot vositalari sohasidagi bilimlarini rivojlantirish va ularning shu soha boʻyicha qobiliyatini yuzaga chiqarish imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Loyihaning “Special guest” — “Maxsus mehmon“ nomli dastlabki eshittiruvida maktab direktori Alisher Ubbiyev va xorijlik oʻquv ishlari direktori Frenk Nelson Stefensenlar ishtirok etdi.
Oʻquvchilarning qiziqishini inobatga olib, kelgusida eshittirishlar sonini koʻpaytirish maqsad qilingan va radio boshlovchilikka qobiliyatli oʻquvchilarni tanlab olish uchun kasting eʼlon qilindi.
Radioeshittirishlarni uzatuvchi kolonkalar maktab binolari ichida joylashgan boʻlib, eshittiruvlar oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida olib boriladi.