“O‘rgatish - o‘rganishning eng yaxshi yo‘li”

“O‘rgatish - o‘rganishning eng yaxshi yo‘li”

“Yangi O‘zbekiston” universiteti yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarning namunasidir. Zamonaviy oquv binosi, chet elda amaliyot o’tash imkoniyati, xorijlik talabalar bilan rang-barang o’quv muhiti bilan bir qatorda mazkur universitetning o’ziga xos tomonlaridan biri – bu malakali pedagog-kadrlardir.  “Yangi Ozbekiston” universitetiga chet ellik ustozlar bilan birga xorij tajribasiga ega mahalliy mutaxassislar ham jalb etilgan. Ular qatorida fizika-matematika fanlari doktori Alisher Sanetullayev ham bor.

-Fizika sohasini tanlashingizga nimalar turtki bo‘lgan? Mazkur soha bo’yicha qayerlarda tahsil olgansiz?

-Men mutaxassisligim bo‘yicha fizikman. Yo‘nalishim  yadroviy fizika. Fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga egaman. 2012-yili AQShning Michigan Davlat Universitetida PhD darajasini olganman. 2011-2015 yillari Kanadaning Vankuver shahridagi TRIUMF milliy laboratoriyasiga ilmiy xodim bo‘lib ishladim. 2015-yili O‘zbekistonga qaytib, Inha universitetida dars berdim. 2019-yildan yaqingacha Moskva Muhandislik Fizika Institutining Toshkent filialida ijrochi direktor lavozimida faoliyat yuritdim. Endi esa “Yangi O’zbekiston” universitetida o’z faoliyatimni davom ettirmoqchiman.

Kichkinaligimdan kitob o‘qishga qiziqqanman, ayniqsa ilmiy kitoblar meni doimo o‘ziga tortgan. Fizika bo‘yicha olimpiadalarga qatnashdim, fan olimpiadalari, musobaqalar meni o‘ziga tortaverardi. Keyinroq, bu fanni chuqurroq o‘rganishni istab, fizik bo‘‌lishga qaror qilganman.

-Fizika ancha murakkab fan. Uni o‘rganishga tug‘ma iste’dod shart deyishadi. Siz bu fanni o‘rganishda nimaga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

-Shaxsan men fizikani unchalik murakkab fan, deb o‘ylamayman. Fizika ilmiy uslubni qo‘llanib tabiat sirlarini o‘rganish degani. Maktabga endi qadam qo‘ygan bolalarda ilmga qiziqish, umuman har sohaga qiziquvchanlik kuchli bo‘ladi. Nimagadir maktabni bitirgunga kadar ko‘pchilik o‘quvchilarda bu qiziquvchanlik yo‘qolib qoladi. Demak bu tug‘ma iste’dod hammada bor, gap bu iste’dodni avaylab, qo‘llab-quvvatlashda, rivojlantirishda. Albatta fizikada matematika apparatidan ko‘p foydalanishadi, demak matematikani ma’lum darajada bilish kerak. Menimcha maktabning eng ulug‘ vazifalaridan biri bu o‘quvchilarda mantiqiy va tanqidiy fikrlashni o‘rgatgan holda, ularda qiziquvchanlikni ham saqlab qolishdan iborat. Chunki, aynan qiziquvchanlik tuyg‘usi mo‘jizalar yaratishi mumkin.

-Dars berish uslubingizda qanday yangi metodlardan foydalanasiz?

-Dars berishda an’anaviy metodlardan tashqari yangi uslublardan jumladan, yangi texnologiyalardan, video-demonstratsiyalardan, loyihaga asoslangan vazifalar, dasturlash asosida simulyasiyalardan foydalanaman. Lekin, gap yangi texnologiyalarda emas, asosiy fikr bu o‘rganish uchun talaba o‘rganayotgan narsasini his qilishi, bu haqida tasavvur hosil qila olishi kerak. O‘rganuvchi kishi jarayonga tashqaridan emas, o‘sha jarayonning bir qismi sifatida qarasa undan katta narsalar kutsa bo‘ladi. 

-“Yangi O‘zbekiston" universitetini tanlashingizga nima turtki bo‘ldi?

-“Yangi O‘zbekiston” universiteti dunyoning eng ilg‘or universitetlari tajribasidan foydalangan holda, mamlakatimizning zamonaviy universitetlaridan biri bo‘lishiga ishonaman. Universitetning davlat rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi esa uning barqaror va jadal rivojlanishiga yordam beradi. Yangicha fikrlovchi rahbariyat bilan ishlash hamda mazkur universitetning ilmiy tadqiqot va ta’lim sohalarida rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” da ishlashga qaror qildim.

-Ilm-fan yo‘lidan ketmoqchi bo‘layotgan, o‘z hayotini shu sohada qurish arafasida turgan yoshlarga qanday maslahat berasiz?

 -Hozirgi vaqtda ilm-fanga davlat tomonidan alohida e’tibor berilyapti, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Men yoshlarimizga o‘z ustida tinmasdan ishlagan holda buu imkoniyatlardan foydalanishni tavsiya qilaman. Fizika mamlakat taraqqiyoti uchun kerak bo‘lgan sohalardan biri, bu borada malakali kadrlarga ehtiyoj bor. 

Shuningdek, yaxshi mutaxassis bo’lish uchun chet tillarni, ayniqsa ingliz tilini yaxshi bilmasdan turib yaxshi olim bo‘lish qiyin. Chunki fanning muayyan qismida yetuk mutaxassis bo‘lish uchun chet ellarda tajriba orttirishga harakat qilish kerak. Bunga “El-yurt Umidi” jamg‘armasi kabi dasturlar yordam beradi. Shuningdek, yoshlarga kompyuter dasturchiligini o‘rganish kerak, bu zamon talabi. 

Mutaxassis bo‘lishingiz uchun, eng avvalo o‘zingiz tanlagan sohaga juda katta qiziqish bo‘lishi shart, deb o‘ylayman. Faqat shundagina katta natijalarga erishsa bo‘ladi. Yana bir tavsiya – agar o‘z sohangizda dars bersangiz, bu sizning bilimingizning chuqurlanishiga olib keladi.  Nobel mukofoti sovrindori Richard Feynman aytganidek, “bir narsani chuqur o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, boshqalarga o‘rgatib ko‘ring”.

-Qiziqarli suhbat uchun katta rahmat. Sog' bo'ling.

Prezident ta'lim muassasalari agentligi Axborot xizmati