Ortingizda buyuk bir xalq turibdi

 

Kuni kecha, 5-may kuni Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori, Viloyat Kengashi deputati, elimizning sevimli shoiri Muhammad Ismoil, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Zafar Toʻychiyev, Yoshlar Ittifoqi yetakchisi Ahror Fattalov va jamoa vakillari bilan birgalikda Sardoba suv toshqinidan talofat koʻrgan oila farzandi, shu maktabning 5-sinf oʻquvchisi Rustamova Gulchehra vaqtincha istiqomat qilayotgan Sardoba tumani Navroʻz mahallasida yashovchi bobosi T. Qodirovlar xonadoniga Gulchehraxonga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish maqsadida borishdi.

Bir necha kun oldin yuz bergan suv toshqini Rustamova Gulchehra yashaydigan mahalladagi uylarni butunlay yuvib ketgan, natijada, ular boshpanasiz qolgan edilar. Xonadonga tashrif buyurgan maktab direktori Muhammad Ismoilni koʻrib Gulchehra qizning xursand boʻlganligini guvohi boʻldik. Jonajon oʻquvchisini bagʻriga bosib, peshonasidan oʻpar ekan, Muhammad Ismoil shunday dedi: - Qizalogʻim, dono qizim, Siz koʻnglingizni oʻksitmang, koʻzingiz yoshlanmasin, sizning quvonchli kunlaringiz, shoʻx-shodon kulib, quvnab yurishlaringiz, albatta, tez kunlarda qaytadi. Ortingizda buyuk bir xalq turibdi.

Xalqparvar, jonkuyar Prezidentimizning rahbarliklarida suv toshqinini bartaraf etish uchun koʻrilgan choralar, aholini xavfsiz hududlarga joylashtirilganligi, Prezidentimizning xalq uchun, shu yurt uchun jonlarini ayamay mehnat qilayotganliklari bizga katta ishonch baxsh etdi. Davlatimiz rahbari, Muhtaram Prezidentimiz aytdilar: - Hech kim koʻz yosh toʻkmasin, gʻam chekmasin, oz fursatda hammangizga zamonaviy tarzda chiroyli binolar qurib beramiz. Uy hujjatlari, pasport va boshqa hujjatlaringizni zudlik bilan, hech qanday toʻlovlarsiz tayyorlatib beramiz, dedilar.

Qizim, siz darsliklarim, badiiy kitoblarim, oʻquv qurollarim qolib ketdi, deb kuyunmang. Sizga darsliklar, oʻquv qurollari va oʻnlab badiiy kitoblar olib keldik. Siz bizning aʼlochi, ijodkor oʻquvchilarimizdan birisiz. Hech ham xafa boʻlmang, men sizga ishonaman. Siz oldingidanda shijoat, gʻayrat bilan oʻqiysiz, izlanasiz. Qayerda, qanday yashaymiz, deb oʻylanmang. Sizlarga jonkuyar Prezidentimiz, buyuk bir xalq, mana biz yordam beramiz. Uy-joylaringiz yangidan quriladi. Hammasi iziga tushadi, qizim, -deya Gulchehraxonga otalarcha mehr bilan soʻzladilar.

Gulchehraxonning onasining aytishicha, u toʻsatdan boʻlgan falokat tufayli qoʻrqib qolib, tushkun kayfiyatda yurgan edi. Sizlarni koʻrib koʻzlarida birinchi marta quvonchni, yuzida kulguni koʻrdim, dedi.

Mehribon ota va dono qizning suhbati davom etardi. Muhammad Ismoil tuhfa qilgan badiiy kitoblar orasida oʻzining qalamiga mansub boʻlgan “Oyga osilgan bayroq” va “Atrofingda men sarson” nomli kitoblari ham bor edi. Gulchehraxon Muhammad Ismoilga: - Ustoz, men siz yozgan hikoya va sheʼrlaringizni sevib oʻqiyman. Mana bugun olib kelgan badiiy adabiyotlaringizni va oʻzingizning qalamingizga mansub “Oyga osilgan bayroq” hamda “Atrofingda men sarson” nomli kitoblaringizdagi sheʼrlar, hikoya va badihalarni barchasini oʻqib chiqaman, deya ishonch bilan gapirdi. Men sizga “Tashakkur” nomli sheʼringizni aytib beraman, deb sheʼrni ifodali aytib berdi. Ustoz va shogirdning berilib suhbat qilayotganligi, kechagina yigʻlab tushkunlikka tushgan nabirasining bugun oʻzining mehribon, bagʻrikeng maktab direktorini, ustozlarini koʻrib yuziga yana quvonch, kulgu qaytganidan xursand boʻlgan bobosi shunday dedi: - Siz va sizning ahil jamoangizga, sinfdoshlariga, ularning ota-onalariga rahmat. Uzoq masofadan kelib mening nabiramning hayotiga yana quvonch baxsh etganingiz, oʻziga boʻlgan ishonchni orttirganingiz uchun tashakkur deya minnatdorchilik bildirdi.

Maktab jamoasi, oʻquvchilar va ularning ota-onalari tomonidan saxovat koʻmagi, uy-roʻzgʻor buyumlari, kiyim-kechaklar Gulchehraxon va oila-aʼzolariga ulashildi.

Jonajon ustozlarini kuzatarkan, Gulchehraxon Muhammad Ismoilga: - Ustoz, men mana shu sinovli kunlar, xalqimizning mehrli, diyonatli, muruvvatli ekanligi haqida hikoya yozaman, dedi. Ustoz esa shogirdining kelajagiga ishonch bilan samimiy bagʻriga bosib: - Yozing, dono qizim, ijod qilishdan, oʻqib izlanishdan toʻxtamang, dedi va shogirdining kelajagiga ishonch bilan mamnun jilmaydi. Muhimi, shogirdi sogʻ-salomat, yana ijod qilmoqda. Shuning oʻzi Ustozga bir olam quvonch baxsh etdi. 

Mohidil Ziyayeva,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
Ijod maktabi oʻqituvchisi,
Xalq taʼlimi aʼlochisi