O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risida Nizom

 

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Hukumat qarori (240-son, 18.04.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorda 2020-2025 yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi bilan bir qatorda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz 2019 yilning 9 sentyabr' kuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident Farmoni (PF–5815-son) hamda ushbu Agentlik faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori (PQ–4444-son) qabul qilingan edi. Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan va Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘tkazilgan edi.

Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan quyidagi Nizomda esa  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maqomi, funksiyalari, huquqlari, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, uning rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligi belgilangan. Agentlik uning tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda (keyingi o‘rinlarda _ Agentlik tizimidagi maktablar) iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun mas'ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mamlakatimiz bo‘ylab yosh iste'dodlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, darsliklar va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etishdagi muammolarni bartaraf qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, Agentlik tizimidagi maktablar faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus tizimini yaratish bo‘yicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish sohasida ham ustuvor vazifalar belgilab berilgan. 

Jumladan, Agentlik tomonidan tasdiqlangan davlat ta'lim standartlari, Agentlik tizimi mutaxassislariga qo‘yiladigan malaka talablarining bajarilishi yuzasidan idoraviy nazoratni tashkil etish;

Agentlik tizimidagi maktablar bitiruvchilarining respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olishni davom ettirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

O‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning qalbida mustaqillik g‘oyalariga sadoqat, milliy iftixor, Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik, fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni turli mafkuraviy xatarlardan himoya qilish ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar kiradi.

Agentlik tasarrufidagi maktab o‘quvchilarini xalqaro olimpiadalarda ishtirokini qo‘llab quvvatlash, maktab bitiruvchilarini yurtimizdagi va yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi ham qo‘yilgan.
Nizomda xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Agentlik tizimidagi maktablar uchun pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish sohasiga ham alohida e'tibor qaratilgan.
2020 – 2022 yillarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy uskunalari, anjomlar, inventar' va boshqa vositalar bilan jihozlash dasturi ham Nizomda tasdiqlandi.

Batafsil: https://lex.uz/pdfs/4792911

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.