PIIMA tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari asosida xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar

PIIMA tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari asosida xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tizimida faoliyat yurituvchi oʻqituvchi va xodimlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yordamida xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi.

Memorandumni Agentlik direktori Sarvar Babaxodjayev va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Adxam Bekmurodov 18-sentyabr kuni imzoladilar.

Hujjat doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi xodimlari rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirishlari, tizimda faoliyat yurituvchi oʻqituvchilar esa qisqa muddatli stajirovkalarda bilim va koʻnikmalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Kelishuvga koʻra, xorijda taʼlim olish istagi boʻlgan nomzodlarni tanlab olish va tayyorlashni ikki tomon birgalikda tashkil etadilar.

Shuningdek, tomonlar xalqaro taʼlim tashkilotlari, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularni taʼlim sohasida hamkorlik va rivojlanish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etishni rejalashtirmoqdalar.

Hamkorlik doirasida tomonlar tajriba almashish maqsadida, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda, Agentlik xodimlari va oʻqituvchilari uchun seminarlar, mahorat darslari va boshqa tadbirlarni tashkil etadilar.

Jumladan, memorandum doirasida xorijda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz ishtirokida Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalar xodimlari va oʻquvchilari uchun turli tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan hamkorlik Agentlik tizimida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun malakalarini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi. Xorijda taʼlim olgan va amaliyot oʻtagan mutaxassislar taʼlim sifatini yana-da yaxshilashga koʻmak beradi degan umiddaman, — dedi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Babaxodjayev.