Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrmoqda

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimiga kiruvchi maktablarda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jadal davom etmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan maktablarda yangi 2020-2021 oʻquv yili joriy yilning 14-sentabr kunidan boshlanadi. Taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya etilishi lozim.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari Agentlik tizimidagi maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarligini oʻrgandilar va maktab xodimlariga qoʻshimcha treninglar tashkil etdilar.

Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining yangi oʻquv yiliga tayyorligini koʻzdan kechirdilar.

Maktabning barcha xodimlari koronavirusga test topshirdilar. Maktabning kirish yoʻllari, zallari, barcha oʻquv xonalari, izolyator xonalari sanitariya qoidalariga rioya qilingan holda, tayyor holatga keltirildi.

Hozirgi kunda taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha ishlar barcha Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham davom etmoqda.