Prezident maktabining xorijlik pedagoglari tomonidan Online-Maktab loyihasi doirasida videodarslar tayyorlandi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi chet ellik oʻqituvchilar ishtirokida videodarslar tayyorladi.

Videodarslar 17-maydan efirga uzatiladi.

2019-yilda yurtimizda ilk marotaba Nukus, Xiva, Namangan va Toshkentda toʻrtta Prezident maktabi ochildi. Mazkur maktablar mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirishdagi islohotlarning lokomotiviga aylanadi. Ushbu maktablarda yoshlarga dars berish uchun xorijdan yuqori malakali oʻqituvchilar jalb qilindi.

Mazkur oʻqituvchilarning bir guruhi Online-Maktab (Onlayn maktab) loyihasi doirasida turli fanlardan videodarslar tayyorlashda ishtirok etdi. Xususan, Toshkentdagi Prezident maktabining besh nafar oʻqituvchisi ingliz tili, informatika, matematika (algebra va geometriya), biologiya va boshqa fanlardan videodarslar tayyorladi.

6-11-sinf oʻquvchilari uchun darsdan tashqari mashgʻulot sifatida 18 soatlik videodars hamkorlikda tayyorlandi. Barcha darslar ingliz tilida tasvirga olindi.

Anmari Anderson 6-8-sinflar uchun informatika, Simjii Anvar - 6-sinflar uchun biologiya, Dass Oskar - 9-11-sinflar uchun algebra va geometriya boʻyicha videodarslar tayyorladi. Mahalliy ingliz tilida soʻzlashuvchi En Beyli IELTS imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Chet ellik oʻqituvchilar ishtirokidagi videodarslar 2020-yil 17-maydan boshlab, yakshanba kunlari Online-Maktab telekanallarida efirga uzatiladi.

- Amaliyot shuni koʻrsatadiki, oʻquvchilar multfilm va televizion koʻrsatuvlar yordamida chet tilini tezroq oʻrganadi. Ingliz tili xalqaro tillardan biri ekanligini inobatga olib, videodarslarni ingliz tilida namoyish etishni rejalashtiryapmiz. Chet ellik oʻqituvchilar ishtirokidagi videodarslar bu yoʻnalishdagi dastlabki qadamlardan biri boʻladi, - deydi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

http://t.me/piimauz