Roʻzi Choriyev nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi

Yorqin isteʼdodi, badiiy teran, falsafiy asarlari bilan oʻzbek rassomchilik rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Oʻzbekiston xalq rassomi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi Roʻzi Choriyev nomini abadiylashtirish, rassom izdoshlarini kashf etish va ularning oʻz isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Roʻzi Choriyev nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi.

Ijod maktabining 200 oʻrinli oʻquv binosi, 100 oʻrinli oshxonasi va 200 oʻrinli yotoqxona binosi Termiz shahrida quriladi. Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan ijod maktabi uchun yer ajratish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Ijod maktabi 2 ta yoʻnalishda kompyuter grafikasi va dizayn hamda tasviriy sanʼat fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan boʻlib, 2020/2021 oʻquv yilida 7-8-9-10-sinflariga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha har bir sinfga 20 tadan iqtidorli oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu maqsadda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Hukumat qarori loyihasi tayyorlanib Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. (https://regulation.gov.uz/uz/document/14459)