“Tashkent International University of Education” xalqaro universiteti tashkil etiladi

 

Xabaringiz bor joriy yilning 23-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumotli pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Tashkent International University of Education” xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Asosiy maqsad oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan umumiy eʼtirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari uchun talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarning bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar hamda taʼlim tizimi uchun zamonaviy pedagog va boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi.

Universitet tomonidan belgilangan qabul parametrlari doirasida Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga koʻra The Times Higher Education “World University Rankings” reytingidagi dunyoning eng yuqori 1000 talik ichiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalari dasturlari asosida tegishli yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiriladi. Iqtidorli yoshlar uchun imtiyozli grantlar ajratiladi.

Bitiruvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida STEAM (Science — fan, Technology — texnologiya, Engineering — injenerlik, Arts — sanʼat, Math — matematika) fanlarini bemalol ingliz tilida xalqimiz farzandlariga taʼlim beradilar. Bu esa mamlakatimizdagi maktablarda yangi avlod oʻqituvchilarini tayyorlash uchun asos boʻladi. Taʼkidlab oʻtish kerak, hozircha STEAM fanlar faqat Prezident maktablarida ingliz tilida xorijiy pedagoglar tomonidan olib borilmoqda.

Oʻz navbatida, ushbu dasturda qatnashish uchun eng bilimli maktab bitiruvchilari xorijiy hamkor universitetlar vakillari tomonidan imtihon qilib olinadi va uni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar xalqaro diplomlarga ega boʻladilar.

Umumtaʼlim muassasalarida faoliyatini boshlagan universitet bakalavriat bosqichi bitiruvchilariga toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi. Universitetning magistratura taʼlim bosqichi bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbar kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki, maxsus sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari boʻyicha oʻzbek, ingliz hamda boshqa tillarda amalga oshiriladi.

Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi yoki belgilangan namunadagi diplomi berilishi rejalashtirilgan. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.